11-modda. Xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-552-son) · Sana: 13.08.2019 · Amalda
Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
tasdiqlangan va eʼlon qilingan rejalashtirish sxemalari boʻlmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari;
roʻyxati qonunchilikka muvofiq belgilanadigan, xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obyektlar joylashgan yer uchastkalari;
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun moʻljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek oʻrmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sohil boʻylari, skverlar, xiyobonlar);
xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor boʻlgan yer uchastkalari;
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.
