“Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibi toʻgʻrisida (648-son)
05.08.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-avgustdagi PF-5495-son Farmonini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, “Faxriy fuqaro” maqomi iqtisodiyot, fan, madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga katta investitsiya kiritgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladi.
2. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga “Faxriy fuqaro” maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan berilishi mumkinligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Bunda qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilinadi, maqom berilishi toʻgʻrisidagi guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi tomonidan imzolanadi va topshiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga “Faxriy fuqaro” maqomini berish tashabbusi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ilgari surilgan boʻlsa, bu haqdagi qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan qabul qilinadi;
“Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnoma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan imzolanadi va topshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnomaning namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining buyurtmanomalari boʻyicha “Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnoma blankalari belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-avgust,
648-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 648-son qaroriga 1-ILOVA
“Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibini, shuningdek, ushbu maqom berilgan shaxslarga beriladigan huquqlarni belgilaydi.
2. “Faxriy fuqaro” maqomi (keyingi oʻrinlarda maqom deb ataladi) chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ragʻbatlantirish shakli, iqtisodiyot, fan, madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga katta investitsiya kiritganligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotganligi uchun minnatdorchilik va tashakkur belgisi hisoblanadi.
3. Maqom Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun asos hisoblanmaydi.
2-bob. Maqomni berishning asosi va tartibi
4. Quyidagilar maqom berilishining asosi hisoblanadi:
xorijiy shaxs yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy yoki qoʻshma korxona tashkil etish tarzida investitsiyalar kiritilishi paytida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisob-kitob miqdorining kamida 40000 baravari miqdorida investitsiya kiritilishi;
iqtisodiyot, fan, madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohani rivojlantirishga, jahonda Oʻzbekistonning ijobiy imijini takomillashtirish va ilgari surishga, Oʻzbekiston xalqining bebaho maʼnaviy-madaniy merosini saqlash va koʻpaytirishga katta shaxsiy hissa qoʻshganligi, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida va uning manfaatlarini koʻzlab amalga oshiriladigan xayriya (metsenatlik) faoliyati.
5. Maqomni berish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
6. Maqomni berish toʻgʻrisidagi taklif bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tashabbus koʻrsatib chiqadilar va koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga kiritadilar.
Xorijiy shaxsga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha maqom berilgan taqdirda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga — kiritilgan investitsiyalar miqdori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy yoki qoʻshma korxona tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga — xoʻjalik jamiyatlaridan sotib olingan aksiyalar va ulushlar, shuningdek, davlat aktivlarining miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligiga — Oʻzbekiston Respublikasining fani, madaniyati va sanʼati, taʼlimi, sogʻliqni saqlashi va ijtimoiy sohasining rivojlanishiga uning qoʻshgan hissasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun soʻrov yuboriladi.
7. Maqomni berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari taqdimnomani koʻrib chiqib, maqomni berish yoki maqomni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan maqomni berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnomani imzolaydilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining maqomni berish toʻgʻrisidagi qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
10. Maqomni berish toʻgʻrisidagi guvohnoma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Maqomni berish toʻgʻrisidagi guvohnoma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari majlislarida ham topshirilishi mumkin.
11. Maqomni berish masalasini koʻrib chiqish va qarorni qabul qilish maqom berilayotgan shaxs yoʻqligida amalga oshirilishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Faxriy fuqaro” maqomini berish tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqishga haqlidir.
Maqomni berish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan ilgari surilgan boʻlsa, qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilinadi. Bunday tartibdagi tashabbus bilan maqomni berish toʻgʻrisidagi guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi tomonidan imzolanadi va topshiriladi.
13. Maqom shaxsning vafotidan keyin berilishi mumkin emas.
3-bob. Faxriy fuqaroning huquqlari
14. Maqom berilgan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
koʻp martalik uch yillik vizani, uning amal qilish muddatini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruriyatsiz, shu jumladan, oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar) uchun cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji toʻlanmasdan olish;
vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni, shu jumladan, oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar) uchun davlat boji toʻlanmasdan uch yilgacha muddatda ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish;
vaqtincha roʻyxatga olingan joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash uchun ruxsatnomani, shu jumladan, oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar) uchun davlat boji toʻlanmasdan olish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan birinchi navbatda qabul qilinish.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Maqom berilgan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda uning maqomdan mahrum qilinishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin:
shaxs ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinganda — sudning taqdimnomasiga binoan;
qoʻyilgan investitsiyalar (pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar legallashtirilishi bilan bogʻliq jinoyat sodir etilishi natijasida olinganligi holati vakolatli organlar tomonidan aniqlanishi va tasdiqlanishi — sudning taqdimnomasiga binoan.
Maqomdan mahrum etish berilgan huquqlar bekor qilinishiga sabab boʻladi.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Faxriy fuqaro” maqomi berilgan shaxslar reyestri yuritilishini taʼminlaydi.
“Faxriy fuqaro” maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Faxriy fuqaro” maqomini berish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Chora-tadbirlar Muddatlar 1- bosqich Davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari Quyidagilarga soʻrov yuboriladi: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va uning hududiy boshqarmalariga — kiritilgan investitsiya miqdori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy korxona yoki qoʻshma korxona tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun; Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga — xoʻjalik jamiyatlaridan sotib olingan aksiyalar va ulushlar, shuningdek, davlat aktivlarining miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun; Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vaziriligi, Sogʻliqni saqlash vaziriligi, Madaniyat vazirligiga — Oʻzbekiston Respublikasi fan, madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga uning qoʻshgan hissasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish uchun. 4-bandda nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgan vaqtdan boshlab 2- bosqich Vazirliklar va idoralar Soʻrovni yuborgan davlat va xoʻjalik boshqaruv organiga: maqom berishga tavsiya etilgan shaxs tomonidan kiritilgan investitsiya, xoʻjalik jamiyatlaridan sotib olingan aksiyalar va ulushlar, davlat aktivlarining miqdori, shuningdek, madaniyat va sanʼat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga uning qoʻshgan hissasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani beradi. Ikki kun mobaynida 3- bosqich Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari QR Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga “Faxriy fuqaro” maqomini olishga talabgor nomzod boʻyicha taklifni koʻrib chiqish uchun kiritadilar. Uch kun mobaynida 4- bosqich QR Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xokimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga “Faxriy fuqaro” maqomini olishga talabgor nomzodga taqdimnoma kiritadilar. Uch kun mobaynida 5- bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari 1. Maqomni berish toʻgʻrisida taqdimnomani keyinchalik tasdiqlash yoki rad etish uchun nomzodni koʻrib chiqadi. 2. Maqomni berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki QR Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasini rad etadi. Uch kun mobaynida Ikki kun mobaynida 6- bosqich QR Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 1. Maqomni berish toʻgʻrisidagi guvohnomani imzolaydi. 2. Maqom berilganligi toʻgʻrisidagi qaror OAVda eʼlon qilinishini taʼminlaydi. 3. Maqomni berish toʻgʻrisidagi guvohnomani tantanali ravishda topshiradi. Bir kun mobaynida Bir kun mobaynida Bir kun mobaynida
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 648-son qaroriga 2-ILOVA
“Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnomaning
NAMUNASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-avgustdagi 648-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan ketishlari tartibiga quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
2-bandda:
oltinchi xatboshidagi “beriladi” soʻzidan keyin “, ushbu bandning yettinchi va sakkinzinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chel el fuqarolari, shuningdek, ularning oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar) davlat boji toʻlamasdan uch yil muddatgacha koʻp marta foydalaniladigan vizalarni olish huquqiga ega”;
quyidagi mazmundagi 61-band qoʻshilsin:
“61. Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chel el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, ularning oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar)ga davlat boji toʻlanmasdan uch yil muddatgacha koʻp martalik kirish-chiqish vizalari beriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan ularning muddati uzaytiriladi”;
8-banddagi “undiriladi” soʻzidan keyin “, ushbu Tartibning 2-bandi sakkizinchi xatboshida nazarda tutilgan holat bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 10-son, 258-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi 71-band qoʻshilsin:
“71. Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashashga ruxsatnoma olish uchun viloyatga boshqa davlatlardan kelgan “Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar vaqtincha propiskadan oʻtgan joylari boʻyicha tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) (keyingi oʻrinlarda TShIIBB deb ataladi) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga (keyingi oʻrinlarda MvaFRB deb ataladi) murojaat qiladilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha 2 nusxada ariza-anketa;
chet el fuqarosining pasporti yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning harakatlanish hujjati;
uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) uy-joy maydoni berishi toʻgʻrisidagi arizasi;
uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytarib beriladi);
nikoh tuzilganligi, bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar (nusxalari olinib, asli qaytarib beriladi);
“Faxriy fuqaro” maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnoma;
35 x 45 mm oʻlchamdagi ikkita fotosurat”;
quyidagi mazmundagi 471-band qoʻshilsin:
“471. Ichki ishlar organlari tomonidan “Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chel el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, ularning oila aʼzolari (er (xotini) va voyaga yetmagan bolalar)ga davlat boji toʻlanmasdan uch yil muddatgacha vaqtinchalik propiska rasmiylashtiriladi va uzaytiriladi”.
