15-modda. Sugʻurta faoliyatini litsenziyalash
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (358-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarining sugʻurta faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda maxsus vakolatli davlat organi beradigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Litsenziya sugʻurtalovchiga yoxud hayotni sugʻurta qilish sohasida, yoxud umumiy sugʻurta sohasida, yoxud faqat qayta sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun beriladi. Hayotni sugʻurta qilish sohasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirayotgan sugʻurtalovchi umumiy sugʻurta sohasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas, umumiy sugʻurta sohasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim turlari (klasslari) bundan mustasno. Umumiy sugʻurta sohasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirayotgan sugʻurtalovchi hayotni sugʻurta qilish sohasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas. Faqat qayta sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta faoliyatini amalga oshirayotgan sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomalarini tuzishga haqli emas.
Litsenziyada sugʻurtalovchi amalga oshirishni nazarda tutayotgan sugʻurta turlari (klasslari) koʻrsatiladi.
