40-modda. Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organlari oʻz vakolatlari doirasida:
fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida litsenziyalar va ruxsatnomalar berish;
litsenziyalar va ruxsatnomalar talablari hamda shartlariga rioya etilishini tekshirish;
litsenziyalar va ruxsatnomalarning talablari hamda shartlariga rioya etilishini tekshirishlar chogʻida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha zarur axborotni soʻrab olish;
qurol va uning oʻq-dorilari ishlab chiqariladigan, taʼmirlanadigan, realizatsiya qilinadigan, saqlanadigan hamda yoʻq qilinadigan joylarda ularni koʻzdan kechirish;
tekshirishlar natijalari asosida litsenziyalar va ruxsatnomalar talablari hamda shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar tuzish;
litsenziyalar va ruxsatnomalar egalari zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyalar va ruxsatnomalarning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, litsenziyalar va ruxsatnomalarni bekor qilish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ularni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Fuqaroviy qurolni saqlash tartibiga rioya etilishini tekshirish ichki ishlar organlarining profilaktika (katta) inspektorlari tomonidan bir yilda kamida bir marta amalga oshirilishi kerak.
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati boshqa organlar tomonidan ham oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
