3-modda. Asosiy tushunchalar
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gazli qurol — koʻzdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalarni qoʻllash yoʻli bilan jonli nishonga vaqtinchalik shikast yetkazish uchun moʻljallangan qurol;
kalta stvolli qurol — stvolining uzunligi uch yuz millimetrdan va umumiy uzunligi olti yuz millimetrdan oshmaydigan qurol;
pnevmatik qurol — siqilgan, suyultirilgan yoki qotirilgan gazsimon moddaning quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keladigan aslaha bilan nishonni masofadan turib urish uchun moʻljallangan qurol;
signal beruvchi qurol — tuzilishi jihatidan faqat yorugʻlik, tutunli yoki tovushli signallar berish uchun moʻljallangan qurol;
sovuq qurol — shikast yetkaziladigan obyekt bilan bevosita toʻqnashish chogʻida odamning jismoniy kuchi yordamida nishonni urish uchun moʻljallangan qurol;
sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolar — kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallangan, sanoat usulida yoki qoʻlbola tarzda yasalgan tigʻli, kesuvchi ashyolar (pichoqlar, bigizlar va boshqa uchi oʻtkirlangan sanchiladigan, kesuvchi ashyolar), jismoniy kuch ishlatganda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan ashyolar (beysbol bitalari, softbol oʻyini uchun bitalar);
uloqtirish quroli — nishonni aslaha bilan masofadan turib urish uchun moʻljallangan, odamning jismoniy kuchi yoki mexanik qurilma yordamida yoʻnaltirilgan holda harakatga keladigan qurol;
oʻq-dorilar — qurolning jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish uchun moʻljallangan hamda tarkibida portlovchi, poroxli, uloqtiruvchi, pirotexnik yoki urib chiqaradigan moddalar yoxud ularning birikmasi mavjud boʻlgan qurol-yarogʻ ashyolari va uloqtiriladigan aslahasi;
oʻqotar qurol — porox yoki boshqa modda quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keluvchi aslaha bilan nishonni masofadan turib mexanik urish uchun moʻljallangan qurol;
oʻqotar qurolning asosiy qismlari — stvol, zatvor, oʻqdon (baraban), ramka, stvol qutisi;
qurol — tuzilishiga koʻra jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish, signallar berish uchun moʻljallangan qurilmalar va ashyolar. Tuzilishi jihatidan qurolga oʻxshash boʻlgan xoʻjalik-maishiy va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlar sifatida sertifikatlangan buyumlar, shuningdek tuzilishi jihatidan qurolga oʻxshash boʻlgan sport aslahalari qurol jumlasiga kirmaydi;
