21-modda. Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini saqlash
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga yoki saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomalari asosida fuqaroviy hamda xizmat qurolini va uning oʻq-dorilarini saqlash huquqiga ega.
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari ularning but saqlanishini, xavfsiz saqlanishini taʼminlaydigan hamda ulardan begona shaxslar foydalanishini istisno etadigan sharoitlarda, qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda saqlanishi kerak.
Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini saqlash yuridik shaxslar tomonidan alohida ajratilgan, maxsus jihozlangan va texnik jihatdan mustahkamlangan, qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi, qoʻriqlash va jismoniy himoyaning boshqa texnik vositalari bilan jihozlangan qurolxonalardagi qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda amalga oshiriladi.
Sport oʻqotar qurolini va uning oʻq-dorilarini, shu jumladan soyli stvolli sport qurolini yoki ogʻiz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq boʻlgan pnevmatik sport qurolini, shuningdek tigʻli sovuq va uloqtirish sport qurolini saqlash sport obyektlari hududida jihozlangan qurolxonalardagi qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda amalga oshiriladi.
Fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini saqlash Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan ularning doimiy yashash joyida amalga oshiriladi.
Ov yoki otish sporti bilan shugʻullanishni amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini saqlash begona shaxslarning quroldan foydalanishini istisno etadigan shartlarga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak.
Chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish davrida olingan fuqaroviy qurolni va uning oʻq-dorilarini saqlashga fuqaroviy qurol hamda uning oʻq-dorilari olingandan keyin besh kun mobaynida ruxsat etiladi.
Chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ov qilish, sport tadbirlarida ishtirok etish yoki koʻrgazmaga qoʻyish maqsadlarida olib kirilgan fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini vaqtincha saqlash chet el fuqarolariga taklifnomani rasmiylashtirgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning oʻzi topib olgan yoki oʻziga topshirilgan, lekin oʻzi mulkdori boʻlmagan qurolni hamda uning oʻq-dorilarini saqlashi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Bunday qurol hamda uning oʻq-dorilari darhol, biroq bir sutkadan kechiktirmay ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim.
