11-modda. Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini olish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
Qurol toʻgʻrisida (O‘RQ-550-son) · Sana: 29.07.2019 · Amalda
Ushbu Qonun 10-moddasining uchinchi — oʻninchi xatboshilarida koʻrsatilgan subyektlar ichki ishlar organlarining amal qilish muddati uch oylik boʻlgan ruxsatnomalari asosida fuqaroviy va xizmat qurolini olish huquqiga ega.
Fuqaroviy va xizmat qurolini olishga doir ruxsatnoma unda koʻrsatilgan qurolni hamda uning oʻq-dorilarini olish, ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazilguniga qadar ularni tashish va saqlash huquqini beradi.
Fuqaroviy va xizmat qurolini olishga doir ruxsatnoma qurolni hamda uning oʻq-dorilarini olib yurish va qoʻllash huquqini bermaydi.
Quyidagilarni olish ichki ishlar organlarining ruxsatnomalarisiz amalga oshiriladi:
signal beruvchi qurolni va tigʻli sovuq ov qurolini — maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar hamda ovchilik sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;
signal beruvchi qurolni, tigʻli sovuq ov qurolini hamda tigʻli sovuq va uloqtirish sport qurolini — qurolni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;
tigʻli sovuq va uloqtirish sport qurolini — otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan olish;
tigʻli sovuq ov qurolini, oʻqotar ov qurolining va pnevmatik qurolning oʻq-dorilarini — Oʻzbekiston Respublikasining ov qilish huquqi berilgan fuqarolari tomonidan olish;
Fuqaroviy va xizmat quroli olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak, bundan ichki ishlar organlarining ruxsatnomasisiz olinadigan qurol va uning oʻq-dorilari mustasno.
Qurol ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilganda qurolni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxsning realizatsiya qilingan qurol belgilari (turi, xili, modeli, zavod seriyasi va raqami, chiqarilgan yili) koʻrsatilgan holda qurolni olishga doir ruxsatnoma asosida amal qilish muddati uch yil boʻlgan ruxsatnomalar quyidagilarga beriladi:
maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarga, ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga — qurolni saqlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga — qurolni saqlash va olib yurish uchun;
qurolni kolleksiyalash yoki koʻrgazmaga qoʻyish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar va fuqarolarga — qurolni kolleksiyalash yoki koʻrgazmaga qoʻyish uchun.
