Viloyatda qattiq maishiy chiqindilarni tashib chiqarish xizmatini koʻrsatish boʻyicha yangi tariflarni tasdiqlash toʻgʻrisida (387-son)
24.05.2019
Namangan viloyati hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjalari toʻplami, 2010-y., 42-43-son, 364-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qoidalarining 7-bandi hamda Namangan viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2019-yil 6-apreldagi 01-04/445-son, viloyat Moliya bosh boshqarmasining 2019-yil 13-apreldagi TYU/17-7/826-son takliflariga muvofiq, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6, 25-moddalariga asosan, qaror qilaman:
1. Namangan viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni tashib chiqarish boʻyicha sanitar-tozalov xizmatini cheklangan tariflari, aholi uchun bir kishiga bir oyga 2 500 (ikki ming besh yuz) soʻm hamda yuridik isteʼmolchilarga QQS bilan 1 m 3 uchun 36000 (oʻttiz olti ming) soʻm etib belgilansin.
2. Monopoliyaga qarshi kurashish Davlat qoʻmitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi (B. Matmusayev), viloyat Moliya bosh boshqarmasi (T. Yusupov) va viloyat Davlat soliq boshqarmasi (A. Tillavoldiyev)larga ushbu qaror bilan belgilangan tariflarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish topshirilsin.
3. Namangan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi (A. Jalilov), viloyat “Toza hudud” DUK (F. Ibragimov)larga shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda:
oʻn kun muddatda mazkur qarorga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
viloyat hududidagi uy-joy va xonadonlarga roʻyxatda turib haqiqatda yashamayotgan yoki roʻyxatdan oʻtmasdan yashayotgan shaxslarga hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar roʻyxatiga aniqlik kiritib, ular soniga mutanosib ravishda shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan berilgan maʼlumotnomalar asosida toʻlovlar undirilishini tashkil etish;
viloyat Statistika boshqarmasi (S. Melixoʻjayev)dan viloyatda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning roʻyxatini olib, shahar tumanlar kesimida roʻyxatlarini shakllantirish;
chiqindi tashish transportlarini harakatlanishi boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan transportlarning harakatlanishi ustidan “onlayn” rejimi asosida masofaviy nazorat (GPS) tizimini joriy etish vazifalari topshirilsin.
4. Viloyat hokimining shu mazmundagi 2017-yil 28-sentabrdagi 688-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qaror “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalarida rasman eʼlon qilinsin.
6. Mazkur qaror 2019-yil 1-iyundan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
7. Qaror viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari B. Nurmatov zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi X. BOZAROV
Namangan v.,
2019-yil 24-may,
387-son
