2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisida (625-son)
24.07.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 9-apreldagi PQ-4273-son qarori ijrosini taʼminlash hamda respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida “Multiindikator klaster kuzatuvi” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi), Davlat statistika qoʻmitasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi (keyingi oʻrinlarda YUNISEF deb ataladi) oʻrtasida uch tomonlama kelishuv imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvi”ni (keyingi oʻrinlarda Kuzatuv deb ataladi) oʻtkazish uchun Milliy sohalararo muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Kuzatuvni oʻtkazish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
global “Multiple Indicator Cluster Survey” (keyingi oʻrinlarda MICS deb ataladi) dasturi talablariga muvofiq Kuzatuvga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Kuzatuv oʻtkazish uchun vakolatli organ hamda davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirib borish;
global MICS dasturining umumiy tavsiyalariga muvofiq Kuzatuv rejasi va budjetini tasdiqlash;
Kuzatuvga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazilishi ustidan nazorat olib borish;
Kuzatuv savolnomalarini tasdiqlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat statistika qoʻmitasi deb ataladi) Kuzatuvni oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin va YUNISEF bilan hamkorlikda quyidagi vazifalarni amalga oshirilishini taʼminlasin:
kuzatilishi lozim boʻlgan uy xoʻjaliklari soni va roʻyxatini shakllantirish;
global MICS dasturining umumiy tavsiyalariga muvofiq Kuzatuv rejasi va budjetini ishlab chiqish va kengashga tasdiqlash uchun kiritish;
Kuzatuv savolnomalarini ishlab chiqish va kengashga tasdiqlash uchun kiritish;
Kuzatuvni oʻtkazish uchun ekspertlarni, shu jumladan xalqaro ekspertlarni jalb etish;
savolnomalarni toʻldirish boʻyicha intervyuyerlar uchun yoʻriqnomalarni ishlab chiqish;
Kuzatuv oʻtkazish uchun mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha oʻquv treninglar tashkil etish;
joylarda Kuzatuvni oʻtkazish.
5. Davlat statistika qoʻmitasi Kuzatuvni 2020-2021-yillar uchun moʻljallangan Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
6. Kuzatuvga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish va natijalarini qayta ishlash bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb qilingan shaxslar uchun Kuzatuv oʻtkazilishi belgilangan muddatlarda asosiy ish joyidagi ishi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi miqdori saqlanishi belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi Davlat statistika qoʻmitasiga Kuzatuvni amalga oshirish doirasida xalqaro va donor tashkilotlar mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Davlat statistika qoʻmitasiga, zarur hollarda, Kuzatuvda ishtirok etuvchi mutaxassislarni oʻqitish uchun xorijiy ekspertlarni jalb qilish masalalarida amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Kuzatuvni oʻtkazishda ishtirok etadigan xodimlarga bolalarning immunizatsiya holatini oʻrganish maqsadida Kuzatuv oʻtkaziladigan joylardagi oilaviy poliklinikalarda besh yoshgacha boʻlgan bolalarning individual tibbiy kartalaridan foydalanish uchun sharoit yaratib bersin.
9. Kuzatuvni oʻtkazishda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi — joylarda ishlarni tashkil etish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi — kuzatiladigan mahallalarning kartasini tayyorlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan vakolatli organga har tomonlama koʻmaklashsinlar.
10. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi 2021-yil 1-oktabrgacha Kuzatuv natijalaridan kelib chiqqan holda tegishli yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
11. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga Kuzatuvni oʻtkazishning muhimligini keng yoritilishini tashkil etish, shuningdek, teleradiokanallarda Kuzatuv oʻtkazish bilan bogʻliq axborot roliklarini joylashtirish va ularning muntazam efirga uzatib borilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.I. Bositxonova hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi B.A. Begalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-iyul,
625-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 625-son qaroriga 1-ILOVA
2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvini oʻtkazish uchun Milliy sohalararo muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
Abduxakimov A.A. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, kengash raisi Bositxonova E.I. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin qizlar qoʻmitasi raisi, kengash hamraisi Li D.R. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori (kelishuvga asosan) Begalov B.A. — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi, kengash raisining oʻrinbosari Graumann S. — YUNISEFning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakili (kelishuvga asosan) Shadmanov A.K. — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Kudbiyev Sh.D. — Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Shermatov Sh.X. — Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Shin A.V. — Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri Abdullayev A.X. — Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi Usmonov B.Sh. — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining oʻrinbosari Ashrafxanov B.B. — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari Mamatov R.T. — Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Tashmuxammedova D.G. — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Ziyadullayev M.J. — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, kengash kotibi
Izoh. Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyani bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 625-son qaroriga 2-ILOVA
2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvini oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Ijrochi Tadbirlar Bajarish muddatlari I bosqich Davlat statistika qoʻmitasi, YUNISEF Kuzatuvni oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari (kuzatilishi lozim boʻlgan uy xoʻjaliklari soni va roʻyxatini shakllantirish, Kuzatuv rejasi, budjeti va savolnomalarini ishlab chiqish va Kengashga tasdiqlash uchun kiritish, savolnomalarni toʻldirish boʻyicha intervyuyerlar uchun yoʻriqnomalarni ishlab chiqish, oʻquv treninglar tashkil etish). 2019-yil avgust — 2020-yil iyun II bosqich Davlat statistika qoʻmitasi, YUNISEF Joylarda Kuzatuvni oʻtkazish. 2020-yil iyul — noyabr III bosqich Davlat statistika qoʻmitasi, YUNISEF Kuzatuv maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish. 2020-yil dekabr — 2021-yil fevral IV bosqich Davlat statistika qoʻmitasi, YUNISEF Kuzatuv natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash va Kengashga taqdim etish. 2021-yil may V bosqich Davlat statistika qoʻmitasi, YUNISEF Kuzatuv natijalarini eʼlon qilish. 2021-yil iyun VI bosqich Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Kuzatuv natijalaridan kelib chiqqan holda tegishli yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2021-yil oktabr
