Kapital taʼmirlanishi tugallangan turar joy va jamoat binolari hamda inshootlarni ishlatishga qabul qilish qoidalari (3.01.09-97-son)
01.01.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining
qurilish meʼyorlari va qoidalari
Ushbu qoidalar kapital taʼmirlanishi tugallangan turar joy va jamoat binolarini hamda inshootlarni (kelgusida obyektlar deb ataluvchi) ishlatishga qabul qilishning umumiy tartibini Oʻrnatadi hamda davlat boshqaruvi va nazorati mahkamalari, buyurtmachilar, mablagʻ ajratuvchilar, quruvchilar, korxonalar, tashkilotlar, boshqa huquqiy va jismoniy shaxslar qurilishga jamgʻarma ajratish jarayoni qatnashchilari foydalanishlari uchun mOʻljallangan.
1. UMUMIY HOLATLAR
1.1. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarni buyurtmachi, investor yoki quruvchi (kelgusida buyurtmachi deb ataluvchi) tomonidan qabul uchun davlat hayʼatiga kOʻrsatiladi.
1.2. Agar kapital taʼmirlash loyihasi obyektni kengaytirish, qayta qurish va zamonaviylashtirish unsurlari koʻzda tutilgan boʻlsa, u holda ishlatishga qabulda hayʼatga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiat qoʻmitasi bilan kelishilgan atrof muhitga taʼsirini baholash materiallari topshirilishi lozim.
1.3. Taʼmirlangan obyektlarni davlat hayʼatiga koʻrsatish oldindan topshiruv va qabulni buyurtmachi tayinlagan ishchi hayʼat amalga oshiradi.
Agar loyiha binoning ayrim unsurlarini(tom yopmasi, fasad, tashqi kommunikatsiyalar, muhandisiy uskunalarning ayrim turlari, tashqiy obodonlashtirish) taʼmirlash koʻzda tutilgan boʻlsa, ularning ishga qabulini buyurtmachi tayinlagan hayʼatlar amalga oshiradi.
1.4. Kapital taʼmirlanish tugallangan obyektlarning ishga qabuli loyiha-smeta hujjatlarida tasdiqlangan barcha taʼmir qurish ishlari bajarilganidan, hamda ishchi hayʼat oshkor qilgan barcha nuqsonlar va chala ishlar bartaraf qilinganidan soʻnggina amalga oshiriladi.
1.5. Boshqa xizmatli qoʻshilgan (moslangan) xonalarga ega boʻlgan obyektlarni, taʼmirlash qurilish ishlari, jumladan qoʻshilgan (moslangan) xonalar boʻyicha, agar shartnomada boshqa hol koʻzda tutilgan bOʻlmasa, tugallangandan keyingina qabulga toshirish lozim.
Qoʻshilgan (moslangan) xonalarda joylashgan obyektlarning ishga qabulini tegishli hayʼat tomonidan alohida dalolatnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
1.6. Obyektning qabul vaqti sifatida davlat qabul hayʼatining dalolatnomasi imzolangan muddat olinadi.
1.7. Mahalliy oʻz-oʻzini boshqaruv mahkamalari ushbu qoidalarni takomillashtira borib, mahalliy sharoitlarga bogʻliq ravishda oʻz qarorlari bilan ishchi va davlat hayʼatlari tarkibini hamda shu hayʼatlarga kOʻrsatiluvchi hujjatlar roʻyxatini aniqlashtirishlari mumkin.
2. BUYURTMACHINING, LOYIHA, TAʼMIR-QURILISH TASHKILOTLARINING, ISHCHI VA DAVLAT HAYʼATLARINING MASʼULIYATI
2.1. Buyurtmachilar kapital taʼmiri tugallangan obyektlarni belgilangan muddatlarda tayyorlash va ishga topshirishga masʼuldirlar, mutaxassislashgan tashkilotlar tomonidan, hayʼat ishlatishga qabul tayyorgarligini boshlaguncha, ishga tushirish sozlash ishlarini oʻtkazishni taʼminlaydi.
2.2. Loyiha tashkilotlari kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarning taʼmirlanishi va ishga qabuli jarayonida yuzaga keluvchi loyihalash bilan bogʻlangan barcha masalalarni yechishga masʼuldirlar.
Mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi loyiha tashkilotlari mualliflik nazorati haqidagi mavjud qoidalarga mos tarzda masʼuliyatlidirlar.
2.3. Pudratchi qurilish tashkilotlari loyihada tasdiqlangan va mavjud meʼyoriy hujjatlarga mos shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda taʼmirlash-qurilish ishlarini sifatli bajarishga, shuningdek, ishlarni bajarishda ekologik xavfsiz usullarga rioya qilishga hamda davlat (ishchi) qabul hayʼati oshkor qilgan nuqsonlarni va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf qilishga masʼuldirlar.
2.4. Ushbu qoidalarni buzgan holda obyektlarni ishlatishga qabulga majbur qiluvchi hayʼat aʼzolari va shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining mavjud qonunchiligiga mos tarzda maʼmuriy va boshqa javobgarlikka tortiladilar.
3. ISHCHI HAYʼATLAR, ULARNING HUQUQLARI, VAZIFALARI VA ISHLASH TARTIBI
3.1. Ishchi hayʼatlar buyurtmachining qarori (buyrugʻi) asosida tuziladi. Ishchi hayʼatlarning ish tartibi va davomati bosh pudratchi bilan kelishilgan holda buyurtmachi tomonidan belgilanadi.
3.2. Ishchi hayʼatlar tarkibiga buyurtmachining vakillari (hayʼat raisi), bosh pudratchining, subpudratchi tashkilotlarning, muallifiy nazoratni amalga oshiruvchi loyiha tashkilotining, davlat sanitariya, ekologiya va yongʻin nazorati mahkamalarining, mahalla qoʻmitasining vakillari kiritiladi.
Ishlatilishga mutaxassislashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriluvchi liftlarni, issiqlik-, energiya, gaz taʼminoti va sh.oʻ. ishlatishga qabul qilishda ishchi hayʼatlar tarkibiga qoʻshimcha ravishda shu tashkilotlar vakillari ham kiritiladi.
3.3. Ishchi hayʼatlar bosh pudratchining obyektning topshirishga tayyorligi haqidagi yozma xabarini olingandan soʻng koʻpi bilan besh kun ichida tuzilishlari lozim.
3.4. Ishchi hayʼatlari obyektlarni ishlatishga davlat qabuli hayʼatiga taqdimigacha quyidagilarga majburdirlar:
ijro hujjatlarining tarkibi va toʻliqligini, bajarilgan taʼmir-qurish ishlari sifatining loyiha-smeta hujjatlariga, standartlarga, ishlarni bajarish meʼyorlari va qoidalariga mosligini tekshirishi va uni baholashi;
obyektlarning ishlatishga tayyorligini tekshirishi;
obyektni davlat qabul hayʼatiga taqdim qilish haqida qaror qabul qilishi.
3.5. Ishchi hayʼatlari zarur boʻlgan xollarda, bajarilgan yashirin ishlarni nazorat qilish uchun ayrim konstruksiya yoki ularning tugunlarini ochish, shuningdek, ayrim konstruksiyalarni va muhandisiy uskunalar tizimini (suvoʻtkazgichlar, kanalizatsiya, isitish va sh.oʻ.) sinashni tayinlash huquqiga ega.
3.6. Konstruksiyalarni va (yoki) ularning tugunlarini ochish va keyin tuzatib qoʻyish, konstruksiyalar va tizimlarning ishchi hayʼatlar koʻzda tutgan sinovlari bOʻyicha ishlar, lozim boʻlganda, subpudratchi tashkilotlarni jalb qilgan holda, bosh pudratchi tomonidan bajariladi.
3.7. Ishchi hayʼatning oʻtkazgan tekshiruvlari asosida obyektning kapital taʼmiri tugallanganligi haqida davlat qabul hayʼatiga taqdim qilish uchun 1-ilovada keltirilgan shaklda dalolatnoma tuzilishi lozim.
3.8. Bosh pudratchi ishchi hayʼatlarga quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim:
taʼmirlash-qurish ishlarini amalga oshirishda qatnashuvchi tashkilotlarning, ular bajargan ishlarining turlarini, hamda bularning bajarilishiga masʼul muhandis-texnik xodimlarning familiyalarini koʻrsatgan holda, roʻyxatini;
qabulga taqdim qilinayotgan obyektning loyiha tashkiloti ishlab chiqqan kapital taʼmiriga oid loyiha-smeta hujjatlari majmuasi, amalda bajarilgan ishlarning hujjatlarida koʻrsatilganlarga yoki taʼmirlash-qurish ishlarini bajarishga masʼul shaxslar tomonidan unga kiritilgan oʻzgarishlarga mosligi haqidagi yozuvlar bilan birga (koʻrsatilgan hujjatlar ijroiya hujjatlari hisoblanadi);
shahodatnomalar, texnikaviy pasportlar yoki taʼmirlash-qurish ishlarini bajarishda qoʻllanilgan materiallarning va qismlarning sifatini kafolatlovchi boshqa hujjatlar;
yashirin ishlarni shahodatlovchi dalolatnomalar hamda ayrim masʼul konstruksiyalarning (qayta qurilgan yoki kuchaytirilgan koʻtaruvchi devorlarning, gʻisht ravoqlar va gumbazlarning metall yoki temirbeton koʻtaruvchi konstruksiyalarning va b.) oraliq qabuli dalolatnomalari;
sovuq va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti, isitish, shuningdek, shamollatish va zovur qurilmalari ichki tarmoqlarining sinovlari dalolatnomalari;
ichki va tashqi elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarining sinovlari dalolatnomalari;
telefonlashtirish, radiolashtirish, televideniye, xabarlagich, avtomatlashtirish qurilmalarining sinash dalolatnomalari;
portlash va yongʻin xavfsizligini, yashindan himoya qurilmalarining sinash dalolatnomalari;
tosh binolarning qaytadan qurilgan koʻtaruvchi devorlari (yoki ularning qismlarining) taxlamidagi tutinish mustahkamligini sinashlarning dalolatnomalari, ishlarni olib borish va loyiha tashkilotining mualliflik nazorati qayd daftari, taʼmirlash jarayonida davlat nazorati mahkamalari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tekshirishlar materiallari.
Izoh: Ushbu bandda sanalgan sinash dalolatnomalari, koʻrsatilgan tegishli tizimlarning (tuzilmalar, qurilmalar, tarmoqlar va hakozo) taʼmiri yoki sinovlari loyiha-smeta hujjatlarida koʻzda tutilgan hollargina taqdim qilinishlari lozim.
3.9. Band 3.8. da sanalgan barcha hujjatlar ishchi hayʼatining ishi tugallangandan soʻng buyurtmachiga topshiriladi.
3.10. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyekt qismi yoki navbatini 1.3. bandga (2-abzats) mos tarzda ishlatishga qabulida ishchi hayʼatini shakllantirish va ishlashi tartibi ushbu qoidalarning 4.2, 4.4, 4.5 (3 — 5 abzatslar), 4.7, 4.9, 4.11 va 4.13-bandlari talablariga oʻxshashdir. Qabul 3-ilovada keltirilgan shaklda tuziladigan hamda ishchi hayʼat oshkor qilgan barcha nuqsonlar va chala joylar tuzatilganidan keyingina tasdiqlanuvchi dalolatnomalar tarzida rasmiylashtirilishi lozim.
3.11. Obyektning 1.3-bandga (2-abzats) mos tarzda ayrim unsurlarini ishlatishga yoki tashqi obodonlashtirish va fasadlarini taʼmiri boʻyicha ishlarning qabulini amalga oshiruvchi hayʼat qabulini 3-ilovada keltirilgan shaklda dalolatnomalarini rasmiylashtiradi.
3.12. Obyektning qismlarining, navbatlarining va unsurlarining qabuli boʻyicha ishchi hayʼat dalolatnomalari hamda bu hayʼatlarga beriladigan boshqa hujjatlar buyurtmachida saqlanadi.
3.13. Obyektlarning kapital taʼmirlanishi bajarilgani haqidagi hisobotga, obyektning ishlatishga qabuli haqidagi dalolatnomalari ishchi hayʼat tomonidan imzolangan hamda ushbu qoidalar talablariga mos tarzda tasdiqlangan qismlari, navbatlari va unsurlarigina kiritiladi.
4. DAVLAT QABULI HAYʼATLARI, ULARNING HUQUQLARI, VAZIFALARI VA ISHLASH TARTIBI
4.1. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarning ishga qabul qilinishi, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, mahalliy oʻz-oʻzini boshqaruv ijroiya tashkilotlari tomonidan tayinlangan davlat qabul hayʼatlari tomonidan amalga oshiriladi.
4.2. Davlat qabul hayʼati tarkibiga buyurtmachilar ishlatish tashkiloti, bosh pudratchi, kichik pudratchi tashkilotlarining, mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi loyiha tashkilotining, davlat sanitariya, ekologiya, davshahtex va yongʻin nazoratlari mahkamalarining, mahalla qoʻmitasining vakillari kiritilishlari lozim.
4.3. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarni ishga qabuli davlat qabul hayʼatlarining raisi vazifasiga mahalliy oʻz-oʻzini boshqaruv ijroiya tashkilotining yoki ishlatish tashkilotining rahbar xodimlaridan birini tayinlash tavsiya qilinadi.
4.4. Obyektning tiynati va murakkabligiga qarab, davlat qabul hayʼati barvaqt, lekin kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektni ishga topshirilishi tayinlangan muddatdan kamida oʻn kun oldin tayinlanishi lozim.
Davlat qabul hayʼati doimiy aʼzolarini, odatga koʻra, uni tayinlagan tashkilot tomonidan hayʼat ishi boshlanguncha, jalb qilingan tashkilotlar vakillari esa, tegishli tashkilotlar rahbariyati buyrugʻi bilan almashtirilishi mumkin.
4.5. Buyurtmachi davlat qabul hayʼatiga 3.8-bandda sanalgan, shuningdek, yana quyidagilarni toshirishi shartdir:
ishchi hayʼatlar dalolatnomalarini;
ishchi hayʼatlar oshkor qilgan nuqsonlar va chala ishlarni bartaraf qilinganligi haqidagi maʼlumotnomani;
tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarini;
mahalliy texnikaviy inventarlash tashkilotining ishlatishga qabul qilinayotgan obyektning qayta rejalash yoki qayta qurish bilan bogʻliq kapital taʼmirlashni bajarish oldindan umumiy va yashash sathi haqidagi maʼlumotnomasini;
qabul qilinayotgan taʼmirlash obyektini loyihalashda ishtirok qilgan loyiha tashkilotlari roʻyxati;
shahar ishlatish tashkilotlarining sovuq va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya, aloqa, issiqlik, gaz va elektr taʼminoti tashqi kommunikatsiyalari obyektni meʼyoriy ishlashini taʼminlashlari hamda taʼmirlashdan soʻng, uni xizmat koʻrsatish uchun qabul qilganliklari haqida maʼlumotnoma (tegishli kommunikatsiyalarni taʼmirlash loyiha-smeta hujjatlarida koʻzda tutilgan holdagina maʼlumotnomalar beriladi);
Davlat nazoratining vakillari davlat qabul hayʼatiga kirmagan tegishli mahkamalari nazoratidagi obyektlarni va uskunalarni ishlatishga ruxsat berilganligi haqidagi hujjatlar.
4.6. Obyektni ishlatishga qabul qilinganidan soʻng 4.5 bandda sanalgan hujjatlar buyurtmachida saqlanishi lozim.
4.7. Davlat qabul hayʼatlari quyidagilarga majburdirlar:
ishchi hayʼatlar tomonidan oshkor qilingan kamchiliklarining bartaraf qilinganligini tekshirishi;
obyektning ishlatish uchun qabulga tayyorligini tekshirishi.
4.8. Davlat qabul hayʼatlari, lozim boʻlganda, 3.5-bandda koʻrsatilgan qoʻshimcha tarzda sinash va tekshirishni tayin qilishga haqlidirlar.
4.9. Agar davlat qabul hayʼati fikriga koʻra, obyekt ishlatishga qabul qilinishi mumkin emas, deb hisoblansa, u holda hayʼat oʻzini tayinlagan tashkilotga asoslangan xulosani, buyurtmachi va bosh pudratchiga esa, nusxalarini topshirishi lozim.
Tegishli hollarda davlat qabul hayʼati loyihalashda va taʼmirlash-qurish ishlarini sifatsiz bajargan buyurtmachi, pudratchi va obyektni loyihalashni va taʼmirlashni bajargan boshqa huquqiy shaxslarni mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun tegishli materiallarni yuqori tashkilotlarga topshirishi mumkin.
4.10. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarning ishlatishga qabulini davlat qabul hayʼatlari majburiy 4-ilovada keltirilgan shaklda tuzilgan dalolatnoma tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
4.11. Obyektlarni ishlatishga qabuli haqidagi dalolatnomalar rais va barcha aʼzolar tomonidan imzolanishi lozim. Ayrim hayʼat aʼzolarining eʼtirozlari, hayʼat aʼzolari vakili boʻlgan tashkilotlar ishtirokida, qabul haqidagi dalolatnoma tasdiqlanguncha, qaralishlari lozim.
4.12. Obyektni ishlatishga qabuli haqidagi dalolatnomani davlat qabul hayʼati raisi shu hayʼatni tayinlagan tashkilotga topshiradi.
Ishlarni pudrat usulida bajarilgan holda koʻrsatilgan dalolatnoma kamida besh nusxada tuziladi, ular ikkitasi davlat hayʼatini tayinlagan tashkilotga, ikkitasi buyurtmachiga va bir nusxasi bosh pudratchiga topshiriladi.
4.13. Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarni ishlatishga qabuli haqidagi dalolatnomalarning, hayʼat ayrim aʼzolarining eʼtirozlarini qarash natijalari boʻyicha qarorlar qabulining qaralishi hamda dalolatnomaning tasdiqlanishi ushbu hayʼatni tayinlagan tashkilot tomonidan, dalolatnomalarga imzolar qoʻyilganidan keyin koʻpi bilan yetti kun muddat ichida amalga oshiriladi.
4.14. Obyektlarning kapital taʼmirlanishi bajarilganligi haqidagi hisobotga ishlatishga qabul haqidagi dalolatnomalari hayʼatni tayinlagan tashkilot tomonidan tasdiqlangan obyektlargina kiritiladi.
5. KAPITAL-QURISH ISHLARI SIFATINI BAHOLASH.
Kapital taʼmirlanishi tugallangan obyektlarning qabuli jarayonida hayʼatlar tomonidan taʼmirlash-qurish ishlari sifatiga quyidagi baholar beriladi:
“qanoatlanurli”, agarda qurilish-taʼmirlash ishlari sifati qurilish ishlarini bajarishga tuzilgan shartnoma (kontrakt) shartlarini, loyihaviy yechimlarni, meʼyoriy va qonunchilik aktlari talablarini, tegishli huquqiy xususiyatga ega boʻlgan boshqa hujjatlarni meʼyoriy qanoatlantirsa;
“qanoatlanursiz”, agarda qurilish-taʼmirlash ishlari sifati yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni qanoatlantirmasa.
1-ILOVA (tavsiya qilinadi)
2-ILOVA (tavsiya qilinadi)
3-ILOVA (tavsiya qilinadigan)
4-ILOVA (majburiy)
