Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektroenergetika tizimiga ulash reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (610-son)
22.07.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 23-oktabrdagi PQ-3981-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi tasdiqlangan Reglamentning bajarilishi nazorat qilinishini va elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarining yagona elektr energetikasi tizimining elektr tarmoqlariga kafolatli ulanishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsinlar.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-iyul,
610-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-iyuldagi 610-son qaroriga ILOVA
Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash
REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament elektr energiyasi, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimining elektr tarmoqlariga (keyingi oʻrinlarda yagona elektr energetikasi tizimi deb ataladi) ulash tartibini belgilaydi va tadbirkorlik subyektlarining elektr qurilmalarini elektr tarmoqlarga kafolatli ulanishini taʼminlaydi.
2. Ushbu Reglament tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlariga, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzenergoinspeksiya” deb ataladi) va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarni elektr tarmoqlariga ulash moʻljallanayotgan isteʼmolchilarga tatbiq etiladi.
Bunda ushbu Reglament talablari:
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining yangidan ishga tushiriladigan quvvatlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash;
ishlab chiqaruvchining oldin ulangan elektr qurilmalari quvvatlari koʻpayishi;
ishlab chiqaruvchining oldin ulangan elektr qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi nuqtalari oʻzgargan hollarda tatbiq etiladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholash — ishlab chiqaruvchilarning quvvatlarini yagona energetika tizimiga taʼsirini oʻrganish;
ixtisoslashtirilgan tashkilot — tarmoq holatini hamda quvvat oʻtkazuvchanligini laboratoriya yordamida tekshirib, baholovchi tashkilot;
loyiha tashkiloti — ishlab chiqilgan texnik shartlarga asosan qayta tiklanuvchi manba qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi tashkilot;
tarmoq egasi — kuchlanishidan qatʼi nazar, elektr uzatish tarmogʻiga ega boʻlgan korxona yoki yuridik shaxs;
texnik shartlar — muayyan quvvatlarni elektr tarmogʻining muayyan nuqtasiga ulash uchun zarur texnik talablar sanab oʻtilgan hujjat;
tizim operatori — elektr energiyasiga boʻlgan talab va taklifga taʼsir qiluvchi omillarni hisobga olgan holda, tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — elektr energiyasini uzatish va yetkazib berish uchun moʻljallangan elektr energiyasini uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari;
elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, transformatsiya qilish (transformator), uzatish, taqsimlash hamda energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun moʻljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar yigʻindisi (ular oʻrnatilgan inshootlar va binolar bilan birga);
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi yoki salohiyatli ishlab chiqaruvchi (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiqaruvchi) — oʻz ehtiyoji va (yoki) boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga sotish uchun elektr energiyasi (quvvatlar), shu jumladan, tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi (quvvatlar) ishlab chiqaradigan yoki ishlab chiqarishni tashkil etish niyatidagi tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, yuridik yoki jismoniy shaxs;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulashning maqbul nuqtasi — ishlab chiqaruvchining mavjud quvvatini uzatish uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligining kuchlanish darajasi va oʻtkazish qobiliyati boʻyicha mos boʻlgan ishlab chiqaruvchi joylashgan joyga yaqin joylashgan obyekti.
4. Ishlab chiqaruvchilar, shu jumladan, xususiy uylarda elektr energiyasini ishlab chiqaradigan elektr qurilmalarini oʻrnatgan ishlab chiqaruvchilar ushbu Reglamentda belgilangan tartibda, ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish huquqiga egadirlar.
5. Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari yagona elektr energetikasi tizimining maqbul nuqtasiga ulanadi.
6. Oʻzining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash uchun ishlab chiqaruvchi elektr tarmoqlariga ulanish moʻljallanayotgan tashkilotdan yangi yoki qoʻshimcha energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni ulashga texnik shartlarni olishi shart.
Oldin ulangan elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash nuqtasini oʻzgartirish zarur boʻlganda ham ishlab chiqaruvchi texnik shartlarni olishga majburdir.
Bunda yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmaydi.
7. Texnik shartlar ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi boʻyicha:
magistral elektr tarmoqlariga ulashda — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ yoki uning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ deb ataladi) tomonidan ularda tegishli vakolatlar mavjud boʻlganda;
hududiy elektr tarmoqlariga ulanishda — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tegishli hududiy korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ deb ataladi) tomonidan;
elektr energiyasi ishlab chiqaradigan korxonalarning elektr tarmoqlariga ulanishda — elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha tegishli korxona, shu jumladan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ (keyingi oʻrinlarda elektr energiyasi ishlab chiqaradigan korxona deb ataladi) tomonidan;
isteʼmolchilarning elektr tarmoqlariga ulanishda — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning (ulardan magistral elektr tarmoqlari sifatida foydalanilganda) va/yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladi.
8. Oʻz balansida elektr tarmoqlariga ega boʻlgan isteʼmolchilar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning talabi boʻyicha, ular tomonidan belgilangan texnik imkoniyat mavjud boʻlganda oʻz elektr tarmoqlariga ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini ulashga majburdir.
9. Yagona elektr energetikasi tizimining qabul qiluvchi elektr tarmogʻining kuchlanish sinfi va elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga ulashning maqbul nuqtasi ishlab chiqaruvchining beradigan mavjud quvvati quyidagicha boʻlganida qabul qilinadi:
10 kVt gacha — 0,23 kV;
3 kVt dan 100 kVt gacha — 0,4 kV;
20 kVt dan 2 000 kVt gacha — 6 — 10 kV;
1 000 kVt dan 20 000 kVt gacha — 35 kV;
10 000 kVt dan 40 000 kVt gacha — 110 kV;
20 000 kVt va undan yuqori — 220 kV.
10. Ushbu Reglamentning 9-bandida nazarda tutilgan kuchlanish sinfi elektr tarmoqlariga ulashga yagona elektr energetikasi tizimining texnik imkoniyati boʻlmaganda, shuningdek, elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishning maqbul nuqtasigacha uzatishda elektr energiyasining texnologik yoʻqotilishi darajasi yoʻl qoʻyiladigan darajadan ortiq boʻlganda kuchlanishning yuqoriroq sinfli elektr tarmoqlariga ulanishga texnik shartlar berilishi mumkin.
2-bob. Ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulashga texnik shartlarni berish tartibi
11. Elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash, oldin ulangan elektr qurilmalari quvvatlarini koʻpaytirish yoki ulanish nuqtasini oʻzgartirish uchun ishlab chiqaruvchi ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha elektr tarmogʻi egasiga buyurtmanoma beradi, ushbu buyurtmanoma uning veb saytida va/yoki interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida boʻlishi kerak.
Yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishga buyurtmanoma YIDXP yoki isteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulashning barcha bosqichlari toʻliq raqamlashtirilgan holda joriy etilgan “ELEKTR” onlayn platformasi orqali shakllantiriladi.
12. Quyidagi hollarda:
ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasidan oʻz isteʼmoli uchun foydalanilgan va ishlab chiqaruvchining elektr qurilmasi yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan, shuningdek, yagona elektr energetikasi tizimi bilan elektr aloqasi boʻlmagan hollarda;
himoya qurilmalari oʻrnatish orqali yagona elektr energetikasi tizimiga elektr energiyasi berish imkoniyati istisno qilingan holda elektr energiyasini yoxud elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha oʻz qurilmalaridan, yoxud yagona elektr energetikasi tizimining elektr tarmoqlaridan isteʼmol qilingan hollarda texnik shartlarni olish talab etilmaydi.
Bunda ishlab chiqaruvchi (maishiy isteʼmolchilar — aholi bundan mustasno):
tarmoqlar egasini elektr qurilmalaridan oʻz isteʼmoli uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanish toʻgʻrisida xabardor qiladi;
belgilangan tartibda “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishiladigan elektr taʼminoti loyihasini ishlab chiqadi;
elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha elektr qurilmalari “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilganidan va qurilish-montaj va sozlash-ishga tushirish ishlarini hamda elektr qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha dalolatnoma (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) tuzilganidan keyin ishga tushiradi (ushbu Reglamentning 42-bandida keltirilgan hollar bundan mustasno);
elektr qurilmalarining zarur texnik holati va elektr xavfsizligi taʼminlanishi uchun javob beradi.
20 kVt gacha quvvatni beradigan ishlab chiqaruvchilar uchun elektr taʼminoti loyihasini “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishish va “Oʻzenergoinspeksiya”dan elektr qurilmalaridan foydalanishga dalolatnoma olish talab qilinmaydi.
13. Agar hududiy elektr tarmogʻiga 20 kVt dan 500 kVt gacha quvvatli ishlab chiqaruvchi ulansa, ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — tarmoqlar egasi tizim operatorini xabardor qiladi va unga ulanishga buyurtmanoma nusxasini maʼlumot uchun yuboradi.
14. 500 kVt dan ortiq quvvatli ishlab chiqaruvchini ulashda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — tarmoqlar egasi tizim operatoriga buyurtmanoma nusxasini kelishish uchun yuboradi.
15. 20 kVt gacha quvvatli barcha ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ulash moʻljallanayotgan elektr tarmoqlari egasi buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida uni oʻrganadi va ishlab chiqaruvchiga elektr tarmogʻiga ulanish uchun texnik shartlarni beradi.
16. 20 kVt va undan yuqori quvvatni berish imkoni boʻlgan barcha ishlab chiqaruvchilar uchun tarmoqqa ulanishning imkoniyati boʻlishi mumkin boʻlgan variantlari, shuningdek, koʻrib chiqiladigan har bir variant uchun texnik shartlar tarmoqqa ulanishni oʻrganish yoki baholash asosida ishlab chiqiladi.
18. Tarmoqqa ulanishni baholash bunday ishlarni oʻtkazish uchun vakolatli boʻlgan ixtisoslashgan tashkilot (loyiha tashkiloti) yoki tarmoqlariga ulanish moʻljallanayotgan tashkilot tomonidan bajariladi. Tarmoqqa ulanishni baholash bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar ishlab chiqaruvchining hisobiga qoplanadi.
Elektr tarmogʻi egasi buyurtmanomalar tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ishlab chiqaruvchiga tarmoqqa ulanishni baholash uchun vakolatli boʻlgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar roʻyxatini beradi va/yoki bajariladigan ishlar qiymatini koʻrsatgan holda tarmoqqa ulanishni baholash boʻyicha oʻz xizmatlarini taklif qiladi.
Ishlab chiqaruvchi tarmoqlar egasi tomonidan taqdim etilgan roʻyxatdan ixtisoslashtirilgan tashkilotni tanlash yoxud litsenziyaga ega boʻlgan va ishlarning bunday turini bajarish vakolatiga ega boʻlgan boshqa tashkilotni jalb etish yoki shartnoma tuzish asosida tarmoqlarning egasi xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.
Ulanadigan elektr qurilmasining tarmoq ishining ishonchliligiga boʻlishi mumkin boʻlgan taʼsiri va tanlangan yechim ushbu Reglament talablariga rioya qilinganligi tarmoqqa ulanishni baholashda aniqlanadi.
19. Tarmoqqa ulashga buyurtmanomada koʻrsatilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda tarmoqning egasi Tarmoqqa ulanishni baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash yoki talab qilish qatʼiy taqiqlanadi.
20. Tarmoqqa ulanishni baholash davri elektr tarmogʻi egasiga va/yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotga ishlab chiqaruvchidan talab qilinadigan barcha maʼlumotlar taqdim etilgan sanadan boshlab yigirma ish kundan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Tarmoqqa ulanishni baholash natijalari boʻyicha xulosada, shu jumladan:
tarmoqqa ulanish uchun texnik yechimlar tahlili;
tarmoqqa ulanishning moʻljallanayotgan nuqtalarida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining texnik tavsiflari;
ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaradigan energiya qurilmasiga qoʻyiladigan texnik talablar va ishlatish talablari;
quvvatlarning yagona elektr energetikasi tizimiga balansini taʼminlash va qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish (yuklama jadvalini tartibga solishda ishtirok etish va shu kabilar) yuzasidan energiya ishlab chiqaruvchi energiya qurilmasiga qoʻyiladigan talablar;
tarmoqqa ulash uchun zarur boʻlgan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini qurish uchun xarajatlarni (ishlab chiqaruvchining yoki elektr tarmogʻi egasining talabi boʻyicha) baholash haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
21. Tarmoqqa ulanishni baholovchi tashkilot tarmoqqa ulanishni taʼminlash va yagona elektr energetikasi tizimi uchun salbiy oqibatlarsiz ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaruvchi qurilmasini ishlatish uchun zarur hisob-kitoblarni (xavfsizlikning tahlili, yagona elektr energetikasi tizimining dinamik va turgʻun barqarorligi, quvvatlar oqimlari hisob-kitobi, qisqa tutashuvlar rejimlari, reaktiv quvvatni boshqarish, elektr energiyasi sifati parametrlarini aniqlash va shu kabilar) bajarishi zarur.
22. Tarmoqqa ulanishni baholashda elektr tarmoqlarini rivojlantirishning istiqbolli rejasi ham hisobga olinadi.
23. Agar baholash natijalari boʻyicha ishlab chiqaruvchining ulanadigan elektr qurilmalari parametrlari elektr tarmogʻining chegaraviy parametrlari oshishiga olib kelmasa, unga ulanish moʻljallanayotgan tarmoqlar egasi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan natijalar olingan paytdan boshlab uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda:
500 kVt va undan ortiq quvvatni berishda — tizim operatoriga buyurtmanomalar nusxasini va baholash natijalarini kelishish uchun yuboradi;
20 kVt dan 500 kVtgacha quvvatni berishda — ishlab chiqaruvchiga ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalariga ulanishga texnik shartlarni beradi.
Tizim operatori buyurtmanomani hamda baholash natijalarini ular tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi, ushbu ulanishni kelishadi yoki ulanish moʻljallanayotgan tarmoqlar egasiga xulosani yuborgan holda asoslangan rad javobini beradi.
Ulanish moʻljallanayotgan tarmoqlar egasi tizim operatorining xulosasi olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida ishlab chiqaruvchiga ushbu ulanish tizim operatori bilan kelishilgan holda ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalariga ulanishga texnik shartlarni beradi yoki tizim operatori bilan kelishilmaganda ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari tarmogʻiga ulanishga asoslangan rad javobini beradi.
24. Texnik shartlarda ulanishning maqbul nuqtasi tarmoqqa ulanish uchun bajarilishi zarur boʻlgan ishlar (tarmoqni kengaytirish va/yoki uning oʻtkazish qobiliyatini koʻpaytirish) hisobga olingan holda, baholash yakunlari boʻyicha berilgan xulosadagi taklif qilingan variantlardan elektr tarmoqlari egasi ishlab chiqaruvchi bilan birgalikda tanlanadi.
Ishlab chiqaruvchi baholash yakunlari boʻyicha taklif etilgan ulanishning boshqa variantini tanlash maqsadida ushbu tanlovni iqtisodiy asoslab elektr tarmoqlari egasiga murojaat qilish huquqiga ega.
Ushbu holatda elektr tarmoqlari egasi ishlab chiqaruvchining murojaati olingan sanadan boshlab uch ish kuni mobaynida ishlab chiqaruvchiga ulanishning maqbul nuqtasi qayta koʻrib chiqilishi hisobga olingan holda elektr qurilmalariga ulanishga texnik shartlarni beradi yoki ishlab chiqaruvchiga ulanishning maqbul nuqtasini oʻzgartirish boʻyicha asoslangan rad javobini yuboradi.
25. Texnik shartlarda:
yangidan ulanadigan yoki qoʻshimcha quvvatni berishga ruxsatnoma;
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari tarmoqqa ulanish nuqtasi;
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari tarmoqqa ulanishi uchun quriladigan elektr uzatish havo yoki kabel tarmoqlarining kuchlanish sinfi;
ayrim hollarda — tashqi elektr taʼminoti sxemasining variantlarini ishlab chiqish zarurligi;
yagona elektr energetikasi tizimining barqarorlik shartlariga sutkalik yuklamalarni qoplash jadvalini tartibga solishda ishtirok etish boʻyicha asoslangan talablar;
qisqa tutashuv toklarining hisoblab chiqilgan miqdori, releli himoyaga, avtomatikaga, aloqaga, ortiqcha kuchlanishdan izolyatsiya qilish va himoya qilishga qoʻyiladigan talablar;
ulanish nuqtasida kuchlanishning normal darajasini saqlash uchun reaktiv quvvatni kompensatsiya qilish boʻyicha talablar;
ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini yagona elektr energetikasi tizimining elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan integratsiyalash zarurligi bilan birgalikda elektr energiyasini hisobga olishga qoʻyiladigan talablar;
yetkazib beriladigan elektr energiyasi sifatiga qoʻyiladigan talablar;
davlat standartlariga muvofiq barqarorlashtiruvchi qurilmalarni va elektr energiyasi sifati nazorati asboblarini oʻrnatishga qoʻyiladigan maxsus talablar;
himoya avtomatikasi vositalariga yoki avariya vaziyatlarida ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini uzish qurilmalariga qoʻyiladigan oʻziga xos talablar;
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ishlatishni tashkil etish boʻyicha talablar;
loyihalashtirish va ishlarni bajarishning amaldagi normalari hisobga olingan holda texnik shartlarga amal qilish muddati koʻrsatiladi.
Ayrim hollarda texnik shartlarga ushbu ulanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa texnik talablar ham kiritilishi mumkin.
26. Agar texnik shartlarning amal qilish muddati tamom boʻlgandan keyin tarmoqqa ulanish uchun zarur boʻlgan elektr tarmoq xoʻjaligi obyektlarini qurish boʻyicha ishlar bajarilmagan boʻlsa, texnik shartlar oʻz kuchini yoʻqotadi.
27. Tarmogʻiga ishlab chiqaruvchini ulanishi moʻljallanayotgan tarmoqlar egasi texnik shartlarni bermagan yoki ularni berishda ushbu Reglament talablari buzilgan hollarda ishlab chiqaruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga murojaat qilish huquqiga ega.
28. Ishlab chiqaruvchining yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi bilan bogʻliq elektr tarmogʻi xoʻjaligining yangi obyektlarini loyihalashtirish va qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish ishlab chiqaruvchining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
29. Texnik shartlar talablarini bajarish ishlab chiqaruvchilar, loyiha, qurilish-montaj va sozlash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
Agar texnik shartlar berilgan sanadan boshlab uch yil oʻtgandan keyin yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish uchun infratuzilmani qurish boshlanmasa, texnik shartlar oʻzining huquqiy maqomini yoʻqotadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari boʻyicha qurilayotgan elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha obyektlarga nisbatan ushbu talab tatbiq etilmaydi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi yoki boshqa vakolatli davlat organi tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha elektr energetikasi obyektlari qurish uchun tanlov eʼlon qilinganda tanlov hujjatlariga:
elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha korxonaning joylashgan joyi, turi va quvvati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, uning boshqa asosiy parametrlari;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishning maqbul nuqtalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va elektr qurilmalariga ulanish boʻyicha boshqa zarur maʼlumotlar;
ushbu Reglamentning 25-bandiga muvofiq elektr qurilmalariga ulanishga texnik shartlar ilova qilinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi yoki boshqa vakolatli davlat organi yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishning maqbul nuqtalari toʻgʻrisidagi texnik shartlar va maʼlumotlar tanlov hujjatlarida mavjud boʻlishini taʼminlash uchun javob beradi.
Tanlov hujjatlarini tayyorlashga xarajatlar elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha elektr energetikasi obyektlari qurilishining qiymatiga kiritilishi va tanlov hujjatlarida koʻrsatiladigan shartlarda tanlov gʻolibi tomonidan qoplanishi kerak.
3-bob. Ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash loyihalarini ishlab chiqish, koʻrib chiqish va kelishish tartibi
31. Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqaruvchining buyurtmasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash loyihasi ishlab chiqiladi.
32. Loyiha tashkiloti ulash loyihasini:
texnik shartlarni bergan tashkilot bilan;
35 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashgan ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalariga ulashda — “Oʻzenergoinspeksiya” bilan;
0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda — “Oʻzenergoinspeksiya”ning tegishli hududiy boʻlinmalari bilan kelishadi.
33. Yakka tartibdagi uyda yashaydigan jismoniy shaxs hisoblangan ishlab chiqaruvchining 0,23 — 0,4 kV kuchlanishli elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda ulash loyihasini “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boʻlinmalari bilan kelishish talab qilinmaydi.
34. Texnik shartlarni bergan tashkilotlar va “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boʻlimi u kelishish uchun taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ulash loyihasini kelishadilar yoki uni kelishishni rad etadilar.
35. Ulash loyihasining texnik shartlar hamda elektr uskunalarini tuzilish qoidalari talablaridan chetga chiqishi ushbu loyihani kelishishni rad etishga asos boʻladi.
Boshqa sabablarga koʻra ulash loyihasini kelishishni rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
36. Ulash loyihasini kelishishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar loyiha tashkiloti tomonidan bartaraf etilgandan keyin takroran koʻrib chiqish va kelishish ulash loyihasi kelishish uchun takroran taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
4-bob. Ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash tartibi
37. Texnik shartlar talablari bajarilgandan keyin ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulashning ishga tushirish sxemasi tuziladi.
Ishga tushirish sxemasi ishlab chiqaruvchi yoki ishlab chiqaruvchining ulanadigan elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qiladigan tashkilot tomonidan tuziladi.
38. Ishga tushirish sxemasi ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari ulanadigan elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishiladi.
Operativ boshqaruvdagi va tizim operatorining yuritishidagi 35 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda ishga tushirish sxemasi qoʻshimcha ravishda tizim operatori bilan kelishiladi.
39. Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari nihoyasiga yetgach, ishlab chiqaruvchi ulanadigan elektr qurilmalarining tayyorligini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tarmoqlariga ulanadigan tashkilotga murojaat qiladi.
Tarmoqlariga ulanadigan tashkilot ishlab chiqaruvchi murojaat qilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida “Oʻzenergoinspeksiya”ni yoki uning hududiy boshqarmasini ulanadigan elektr qurilmalarining tayyorligini tekshirish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek, ishlab chiqaruvchi murojaat qilgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boshqarmasi bilan kelishgan holda, texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan sanani ishlab chiqaruvchiga maʼlum qiladi.
Bunda texnik koʻrikdan oʻtkazish sanasi murojaat qilingan sanadan oʻn ish kunidan oshmasligi lozim.
40. Texnik koʻrikdan oʻtkazish kunida “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boshqarmasining vakolatli vakili, shuningdek, tarmoqlariga ulanadigan tashkilotning vakili joyning oʻziga chiqib, ishlab chiqaruvchi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchining yangi ishga tushiriladigan elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda texnik shartlar talablari bajarilishini, belgilangan normalar va qoidalarga rioya qilinishini, tayyorlangan ekspluatatsiya xodimlari va tegishli hujjatlar mavjudligi boʻyicha texnik koʻrikdan oʻtkazadi.
41. Texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha bir kun muddatda ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi ishlab chiqaruvchiga topshiriladi.
42. Yakka tartibdagi uyda yashaydigan jismoniy shaxs hisoblangan ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini 0,23 — 0,4 kV kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda texnik shartlarning bajarilishini texnik koʻrikdan oʻtkazish va elektr tarmoqlariga ulash tarmoqlar egasining vakolatli vakili tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boshqarmasi vakili ishtirokisiz amalga oshiriladi.
43. Fikr-mulohazalar mavjud boʻlmagan taqdirda, dalolatnoma asosida 3-ilovaga muvofiq u rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida “Oʻzenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish uchun dalolatnoma rasmiylashtiriladi (ushbu Reglamentning 42-bandida keltirilgan holat bundan mustasno).
44. Texnik shartlar talablari bajarilmasligi, elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda amaldagi normalar va qoidalardan chetga chiqilganligi, tayyorlangan ekspluatatsiya xodimlari va zarur hujjatlar mavjud emasligi ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga tayyor emasligi toʻgʻrisida dalolatnoma berilishiga asos hisoblanadi. Boshqa sabablarga koʻra isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiyaga tayyor emasligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish taqiqlanadi.
45. Rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgandan keyin elektr qurilmalarini ishlatishga dalolatnoma rasmiylashtirish takroriy murojaat tushgan kundan boshlab ikki ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
46. Takroran koʻrib chiqishda rad etishning asoslanishida oldin bayon qilinmagan sabablar keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
47. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga dalolatnoma u berilgan kunda ishlab chiqaruvchiga yuboriladi.
48. Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash ishlab chiqaruvchining ulanadigan elektr tarmogʻi egasiga buyurtmanomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
5-bob. Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini plombalash, elektr energiyasini yetkazib berish shartnomasini tuzish va yagona elektr energetikasi tizimiga ulash
49. Ulash sxemasini tekshirish va ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini plombalash yangi ishga tushiriladigan energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalari ishga tushirilishiga dalolatnoma olingandan keyin ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari, tarmoqlariga ulanadigan tashkilot tomonidan ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida bajariladi.
50. Yagona elektr energetikasi tizimiga elektr energiyasini yetkazib berishga shartnoma ishlab chiqaruvchi bilan tarmoqlarning egasi oʻrtasida tuziladi.
Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini isteʼmolchining elektr tarmoqlariga ulashda elektr energiyasi yetkazib berishda shartnoma tuzish tartibi ulash sxemasidan kelib chiqib, bevosita texnik shartlarda belgilanadi.
51. Jismoniy shaxsning yakka tartibdagi turar joyini 0,23 — 0,4 kV kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash tarmoqlar egasi tomonidan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini yetkazib berish uchun shartnoma tuzish, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash, tarmoqlarning egasi tomonidan taʼminlanadi.
52. Elektr energiyasini yetkazib berishga shartnoma Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hamda “Oʻzenergoinspeksiya” va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan namunaviy shakl boʻyicha tuziladi.
53. Ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini ulash va yagona elektr energetikasi tizimiga quvvatlarni berish:
ushbu Reglamentning 38-bandiga muvofiq kelishilgan ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini ulashning ishga tushirish sxemasi;
ushbu Reglamentning 42-bandida keltirilgan holatdan tashqari elektr qurilmalarini ishlatishga dalolatnoma mavjud boʻlganda;
ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblari tekshirilgan va plombalanganda;
ushbu Reglamentning 52-bandiga muvofiq tuzilgan elektr energiyasi yetkazib berishga shartnoma mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
54. Texnik shartlarni, shu jumladan, qoʻshimcha texnik shartlarni ishlab chiqish va berish, loyihani yagona elektr energetikasi tizimiga ulashni kelishish, energiya ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga dalolatnoma berish, shuningdek, ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash toʻlov undirilmasdan amalga oshiriladi.
55. Ishlab chiqaruvchilarning energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentiga 1-ILOVA
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Harakatlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Ishlab chiqaruvchi Texnik shartlarni berish uchun tarmoqlar egasiga buyurtmanoma berish. Zaruratga koʻra 2-bosqich “HET” AJ (20 kVt gacha) Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini oʻrganish va ishlab chiqaruvchiga elektr tarmogʻiga ulanish uchun texnik shartlarni berish. Besh ish kuni mobaynida “HET” AJ (20 kVt dan 500 kVt ni ham oʻz ichiga olgan quvvatga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchini ulashda) Ulanishga buyurtmanoma nusxasini xabardor qilish uchun tizim operatoriga yuborish. Tarmoqqa ulashni baholash uchun sertifikatlashtirilgan tashkilotni belgilash. Bir ish kun mobaynida Tarmoqlar egasi (500 kVt dan ortiq quvvatga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchini ulashda) Ulanishga buyurtmanoma nusxasini kelishish uchun tizim operatoriga yuborish. Tarmoqqa ulanishni baholash uchun sertifikatlashtirilgan tashkilotni belgilash. Uch ish kun mobaynida 3-bosqich* Tizim operatori Ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasini koʻrib chiqish, kelishish yoki asoslangan rad javobini tarmoqlar egasiga taqdim etish. Besh ish kun mobaynida 4-bosqich Ixtisoslashtirilgan tashkilot Tarmoqqa ulanishni baholash va xulosani tarmoqlar egasiga taqdim etish. Yigirma ish kuni mobaynida 5-bosqich Tarmoqlar egasi Baholash yakunlari boʻyicha berilgan xulosadagi takliflardan ulash variantini ishlab chiqaruvchi bilan kelishish. Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ulash uchun texnik shartlarni berish. Xulosa olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida 6-bosqich Maxsus loyiha tashkiloti Ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash loyihasini ishlab chiqish. Ulash loyihasini texnik shartlarni bergan tashkilotga va “Oʻzenergoinspeksiya”ga kelishish uchun yuborish. Shartnomada belgilangan muddatlarda 7-bosqich Texnik shartlarni bergan tashkilot, “Oʻzenergoinspeksiya” Ulash loyihasini kelishish. Besh ish kun mobaynida 8-bosqich Ishlab chiqaruvchi yoki ishlab chiqaruvchining ulanadigan elektr qurilmalarini ishlatadigan tashkilot Ishga tushirish sxemasini tuzish. Ishga tushirish sxemasini tarmoqlar egasi va tizim operatori bilan kelishish. Ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish. Ulanadigan elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda texnik shartlar talablari bajarilishini va belgilangan normalar va qoidalarga rioya qilinishini tekshirish toʻgʻrisida tarmoqlar egasiga murojaat yuborish. Ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan muddatlarda 9-bosqich Tarmoqlar egasi va “Oʻzenergoinspeksiya” Ishlab chiqaruvchi murojaat qilgan kundan boshlab texnik koʻrikdan oʻtkazish sanasini ishlab chiqaruvchiga maʼlum qilish. Ikki ish kuni mobaynida 10-bosqich “Oʻzenergoinspeksiya”, tarmoqlar egasi va ishlab chiqaruvchi Texnik koʻrikdan oʻtkazish. Tomonlar kelishgan muddatlarda, lekin murojaat qilingan kundan boshlab oʻn ish kunidan oshmagan muddatda 11-bosqich “Oʻzenergoinspeksiya” 3-ilovaga muvofiq shakldagi dalolatnoma rasmiylashtirish. Bir ish kuni mobaynida 12-bosqich Ishlab chiqaruvchi, tarmoqlar egasi Ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi boʻyicha ulash sxemasini tekshirish, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini plombalash va elektr energiyasi yetkazib berishga shartnoma tuzish. Uch ish kun mobaynida
Izoh.
* 20 kVt dan 500 kVt ni ham oʻz ichiga oladigan quvvatga egalik qiluvchi ishlab chiqaruvchini ulashda chiqarib tashlanadi.
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchini “IES” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarmoqlariga ulashda tizim operatoriga buyurtmanomalar nusxalari yuborilmasdan “HET” AJ bilan kelishish zarur.
Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentiga 2-ILOVA
Izoh. 2-band isteʼmolchining rejimida ishlangan taqdirda toʻldiriladi.
Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentiga 3-ILOVA
Qurilish-montaj va sozlash-ishga tushirish ishlarini hamda elektr qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha
DALOLATNOMA
20____ yil “____” ___________dagi ____-son Ushbu dalolatnoma ___________________________________________________________________________________ (qurilish-montaj va sozlash-ishga tushirish ishlarini bajargan tashkilot nomi) ___________________________________________________________________________________ __(lavozimi)___________________________(F.I.O.)_________ qurilish-montaj va sozlash — ishga tushirish ishlarini bajargan tashkilotning YIDXP orqali yuborgan 20____ yil ____ ___________dagi ____son soʻrovnoma maʼlumotlariga muvofiq isteʼmolchi tashkilot vakili (yuridik shaxslar uchun) _____________________________________________________________________ ________(lavozimi)__________________________________(F.I.O.) yoki elektr qurilmalari egasining (jismoniy shaxslar uchun) vakili _______________________ (F.I.O.) ishtirokida “Oʻzenergoinspeksiya” masʼul xodimi _______________________________________ (hududiy boʻlim nomi, lavozimi) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va elektr qurilmalari texnik koʻrikdan oʻtkazildi. 1. Texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan elektr qurilmalari: _________________________________________________________________________________________ (elektr qurilmalari nomi, elektr taʼminot manbalari) 1.1. Elektr qurilmalari tarkibi va tavsifi: _________________________________________________________________________________________ (turi, quvvati, kuchlanish, soni) 1.2. Texnik hujjatlar: 1.2.1. Texnik shartlar 20____ yil “____” ___________da ______-son bilan _________________________________________________________________________________________ (texnik shartlar bergan tashkilot nomi) tomonidan kVA (kVt) quvvatga ulanish uchun berilgan. 1.2.2. Elektr taʼminoti loyihasi _____________________________________________________ (loyiha tashkilotining nomi, ishlab chiqish raqami va sanasi) ________________________________________________________________ tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha “Oʻzenergoinspeksiya” bilan ______________________________________________ (loyihani kelishuv raqami va sanasi) kelishilgan va elektr qurilmalari tarmoqlariga ulanayotgan tashkilot tomonidan koʻrib chiqilgan ________________________________________________________________________________ (tashkilotning nomi) (loyihani koʻrib chiqish raqami va sanasi) 1.2.3. Elektr-montaj va sozlash — ishga tushirish ishlari va sinovlar ______________________________________________________________ tomonidan amalga oshirilgan. (tashkilot nomi, litsenziya raqami, kim tomonidan berilgan, amal qilish muddati) 1.2.4. Sozlash — ishga tushirish hujjatlari va sinovlar (oʻlchovlar) EQTQ, XTQ talablariga muvofiqligi ___________________________________________________________________________________ 2. Elektr qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va texnik hujjatlarni tekshirishda quyidagilar aniqlandi. 2.1. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishni tashkil etish boʻyicha: _________________________________________________________________________________________ (isteʼmolchi tashkilot yoki elektr qurilmalari egasining nomi (tegishlisi tagidan chizilsin)) 2.1.2. Elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs ___________________________________________ __(lavozimi)__________________(F.I.O.)___________ 20____ yil “____” __________dagi _____-son buyruq bilan tayinlangan. U TEQQ va XTQ boʻyicha bilim sinovdan qonunchilikda belgilangan tartibda, _____ yil “____” ___________da oʻtib, unga _____ V elektr qurilmalarida ishlash uchun xavfsizlik texnikasi boʻyicha ______ guruh berilgan. 2.1.3. Elektrotexnik xodimlarning soni va malakasi boʻyicha muvofiqligi __________________ 2.1.4. Elektr himoya vositalarining holati, ularning yetarli ekanligi ______________________ 2.1.5. Tezkor texnik hujjatlar mavjudligi (bor, yoʻq): tasdiqlangan prinsipial elektr sxemasi ___________________________________; lavozim yoʻriqnomalari __________________________________________________; ekspluatatsiya boʻyicha yoʻriqnomalar ________________________________________; naryadlar blankalari _____________________________________________________; 2.1.6. Jurnallarning mavjudligi (bor, yoʻq): TEKK va XTK boʻyicha bilim sinovi ________________________________________; elektrotexnik xodimlarga koʻrsatmalar berish _______________________________; tezkor jurnal ___________________________________________________________; himoya vositalarining hisobi va holati _____________________________________; elektr uskunalarning kamchiligi (nosozligi) ________________________________; 2.1.7. Asosiy elektr uskunalariga pasport (sertifikat) _______________________ 2.2. Elektr qurilmalarining texnik holati 2.2.1. Yongʻinga qarshi xavfsizlik vositalari bilan taʼminlanishi ______________ 2.2.2. Oʻlchov asboblarining holati _________________________________________ 2.2.3. Yerga ulash qurilmalarining holati ___________________________________ 2.2.4. Elektr qurilmali xonalar va ularda oʻrnatilgan elektr qurilmalarining EQTQ talablariga muvofiqligi _______________________________________________________ 2.2.5. Kabel va havo liniyalarining texnik holati _____________________________ 2.2.6. Elektr dvigatellar, ishga tushirish-sozlash apparaturasi va elektr yoritgichlarning texnik holati ________________________________________________________________________ 2.2.7. Kompensatsiya qurilmalari mavjud boʻlsa, ularning texnik holati _________________________________________________________________________________________ (turi, ishlab chiqargan zavod raqami) 2.2.8. Taqsimlash qurilmalari ___________________________________ 2.2.9. Kuch transformatorlari ____________________________________ 2.2.10. Hisobga olish sxemasining montaji (hisobga olish priborlarining oʻrnatilishi, oʻlchov transformatorlari va boshqalar) 3. Texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan elektr qurilmalarining ekspluatatsiya qilishga tayyorligi toʻgʻrisida xulosa _________________________________________________________________________________________ “Oʻzenergoinspeksiya” masʼul xodimi ___________________________________________________________________________________ __(hududiy boshqarma nomi, lavozimi) ______________________________ (F.I.O.)_________ 20____ yil “____” _____________________________________________________________ (imzo)_________ HETK ___________________________________________________________________________________ __(hududiy filial nomi, lavozimi) ______________________________ (F.I.O.)_________ 20____ yil “____” _____________________________________________________________ (imzo)_________ Pudrat tashkiloti rahbari yoki elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs (yuridik shaxslar uchun) ___________________________________________________________________________________ __(tashkilot nomi, lavozimi) ______________________________ (F.I.O.)_________ 20____ yil “____” _____________________________________________________________ (imzo)_________ Pudrat yoki elektr qurilmasi egasining muhri oʻrni (jismoniy shaxslar uchun) ___________________________________________________________________________________ _____(tashkilot nomi, lavozimi) _______________________________ (F.I.O. telefon raqami)_______ 20____ yil “____” _____________________________________________________________ (imzo)_________
