30-modda. Turistlar hamda ekskursantlarning huquq va majburiyatlari
Turizm toʻgʻrisida (O‘RQ-549-son) · Sana: 18.07.2019 · Amalda
Turistlar va ekskursantlar quyidagi huquqlarga ega:
turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan xizmatlardan foydalanish;
sayohat bilan bogʻliq toʻliq va ishonchli axborot olish, shu jumladan vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirish va unda boʻlish qoidalari, mahalliy aholining urf-odatlari, diniy marosimlar, madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va turizm sohasining obyektlari, atrof tabiiy muhitning holati toʻgʻrisida axborot olish;
shaxsiy xavfsizligi hamda oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish taʼminlanishi, shuningdek oʻz mol-mulkining but saqlanishi;
shoshilinch tibbiy yordam olish;
turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning oʻrni qoplanishi, shuningdek maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishi;
agar turning umumiy qiymati oshishi shartnomada shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, turistik xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomani turoperatorlar va turagentlarga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplamagan holda bekor qilish.
Turistlar va ekskursantlar:
turda ishtirok etish uchun oʻz sogʻligʻi holatining va (yoki) yoshining xususiyatlariga bogʻliq cheklovlar (qarshi koʻrsatmalar) toʻgʻrisidagi, oʻz doimiy yashash joyidan tashqariga chiqishi hamda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) kirishi uchun cheklovlar haqidagi maʼlumotlarni turoperatorning va (yoki) turagentning talabiga koʻra taqdim etishi;
turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi shartlariga va vaqtincha boʻlish mamlakatining (joyining) qonunchiligiga rioya etishi, uning siyosiy hamda ijtimoiy tuzilishini, mahalliy aholining anʼanalarini, urf-odatlarini, diniy eʼtiqodini hurmat qilishi;
vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmasligi;
vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) bojxona va chegara nazorati, shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya etishi shart.
