3-modda. Asosiy tushunchalar
Turizm toʻgʻrisida (O‘RQ-549-son) · Sana: 18.07.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gid (gid-tarjimon) — axborotga oid va tashkiliy xizmatlar koʻrsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;
yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi — turistik yoʻnalishlarda turistlar va ekskursantlarga hamrohlik qilish hamda ularning xavfsizligini taʼminlash uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik koʻrgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs;
mustaqil turizm — turistlar tomonidan turoperatorlar va turagentlar ishtirokisiz mustaqil ravishda tashkil etiladigan sayohat;
turizm sohasining subyektlari — turistik xizmatlar majmuini yoki ularning bir qismini koʻrsatish, qoʻshimcha turistik xizmatlarni (ishlarni) bajarish hamda turistlar va ekskursantlarga tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
tur — turistik xizmatlarning kamida ikkita turini oʻz ichiga olgan turistik xizmatlar majmui bilan taʼminlangan, belgilangan yoʻnalish boʻyicha aniq muddatlardagi sayohat;
turizm — jismoniy shaxsning vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda doimiy yashash joyidan joʻnab ketishi (sayohat qilishi);
turist — vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) yigirma toʻrt soatdan ketma-ket oʻn ikki oygacha boʻlgan davrga boruvchi yoki vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs;
turistik vaucher — turistning tur tarkibiga kiruvchi xizmatlarga boʻlgan huquqini belgilovchi va ularning haqi toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi hujjat;
turistik yoʻnalish — sayohat vaqtida turist, ekskursant tashrif buyuradigan asosiy joylarning roʻyxati boʻyicha turistning, ekskursantning rejalashtirilgan harakatlanish yoʻli;
turistik xizmatlar — joylashtirish, ovqatlantirish, transport, ekskursiya va maslahat xizmati koʻrsatish boʻyicha xizmatlar, shuningdek turist va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan xizmatlar;
ekskursant — vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxs;
