21-modda. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish
Turizm toʻgʻrisida (O‘RQ-549-son) · Sana: 18.07.2019 · Amalda
Joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari joylashtirish vositalari sifatida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.
Joylashtirish vositalari, togʻ changʻisi trassalari va plyajlarni sertifikatlashtirish vakolatli davlat organi huzuridagi akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish boʻyicha tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi hamda ushbu xizmatlarning xavfsizligi va sifatini taʼminlashga qaratiladi.
Vakolatli davlat organi Sertifikatlashtirilgan turistik xizmatlarning reyestrini yuritadi.
Turoperator xizmatlarini sertifikatlashtirish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
