18-modda. Turistik zonalarning turlari
Turizm toʻgʻrisida (O‘RQ-549-son) · Sana: 18.07.2019 · Amalda
Turizmni kompleks rivojlantirish va turistik resurslarni lozim darajadagi holatda saqlash, tegishli hududning turistik salohiyatini oshirish, shuningdek ularni rivojlantirishga investitsiyalar jalb qilinishini ragʻbatlantirish maqsadida turistik zonalarning quyidagi turlari tashkil etilishi mumkin:
erkin turistik zona;
kichik turistik zona;
maxsus turistik zona.
Erkin turistik zona erkin iqtisodiy zonaga tenglashtiriladi. Erkin turistik zonaga va erkin turistik zonaning ishtirokchilari sifatida roʻyxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoidalari, shu jumladan erkin iqtisodiy zonalar va ularning ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar tatbiq etiladi.
Kichik turistik zona kichik sanoat zonasiga tenglashtiriladi. Kichik turistik zonalarga nisbatan kichik sanoat zonalari toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoidalari tatbiq etiladi.
Maxsus turistik zona belgilangan maxsus hudud boʻlib, unda turistik resurslar va ushbu hududda muayyan turistik mahsulotni shakllantirish hisobidan turistlarga xizmat koʻrsatilishini taʼminlovchi turistik industriya obyektlari jamlanadi. Maxsus turistik zonani tashkil etishda ushbu zona ishtirokchilari uchun shartlar, imtiyozlar va preferensiyalar belgilanishi mumkin.
