Toshkent shahrida ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash toʻgʻrisida (499-son)
02.04.2019
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2900-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 291-modda) 2018-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4040-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 48-son, 923-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-yanvardagi “Toshkent shahrining uy-joy kommunal infratuzilmasini boshqarishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5-sonli (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi) qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019-yil 25-fevraldagi 05/1-4774-sonli topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019-yil 25-fevraldagi 05/1-4774-sonli topshirigʻi ijro uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahridagi isteʼmolchilar uchun:
ichimlik suv taʼminoti xizmatlari uchun Toshkent shahar hokimining 2018-yil 12-yanvardagi 69-sonli qarori bilan belgilangan maxsus 100 soʻm/m3 miqdoridagi ustama haq 2019-yildan amal qilinishi uzaytirilsin;
kanalizatsiya xizmatlari uchun maxsus ustama haq miqdori — 100 soʻm/m3 etib belgilansin.
3. Ichimlik suv va kanalizatsiya taʼminoti xizmatlari tariflari boʻyicha belgilangan maxsus ustama haq maqsadli tushum hisoblanib, barcha soliq turlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashda soliqqa tortiladigan bazaga kiritilmasligi, shuningdek ichimlik va oqova suv taʼminoti tashkilotlarining moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobotida aks ettirilmasligi inobatga olinsin.
4. Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari (B. Raxmankulov), “Suvsoz” davlat unitar korxonasi (T. Mirxidoyatov):
ichimlik suv va kanalizatsiya taʼminoti xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq mablagʻlarini jamlash uchun “Suvsoz” davlat unitar korxonasiga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi ochilgan maxsus hisob raqamiga jamlangan kunlik tushum boʻyicha maxsus ustama haq Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish Bosh boshqarmasi huzuridagi Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 40 foizi yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻlimi (F. Aminov), Matbuot xizmati (X. Ergashev):
ushbu qaror rasmiy eʼlon qilinishi va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari B. Raxmankulov zimmasiga yuklatilsin.
Toshkent shahar hokim J. ARTIKXODJAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-aprel,
499-son
