16-modda. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida, umumtaʼlim maktablari va boshqa oʻquv yurtlarida jismoniy tarbiya
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida (513-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
Maktabgacha yoshdagi bolalar, oʻquvchilar va talabalar salomatligini asrash va mustahkamlash, ularda jismoniy barkamollikka ehtiyojni shakllantirish maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va oʻquv yurtlarining ustun vazifasi hisoblanadi.
Oʻquv yurtlari tayyorgarlikning normativlarini, mahalliy sharoitlar va oʻquvchilarning qiziqishlarini hisobga olib, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻtkazishning shakllari, vositalari, uslublari va davomiyligini belgilaydilar.
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va oʻquv yurtlari har yili kamida bir marta maktabgacha yoshdagi bolalarning hamda oʻquvchi yoshlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini koʻrikdan oʻtkazadilar.
Umumtaʼlim maktablarida, boshqa oʻquv yurtlarida jismoniy tarbiya boʻyicha imtihonlar oʻtkaziladi.
Koʻriklar va imtihonlar oʻtkazish tartibi hamda shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oʻquv yurtlari armiyaga chaqirilish yoshidagilarni va chaqiriluvchilarni xizmatga jismoniy jihatdan tayyorlaydilar.
