31-modda. Mulkdorning va (yoki) operatorning huquq va majburiyatlari
Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-547-son) · Sana: 02.07.2019 · Amalda
Mulkdor va (yoki) operator shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshirish huquqiga ega.
Mulkdor va (yoki) operator:
shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi;
subyektning murojaatiga koʻra uning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishi;
oʻzi vazifalarini bajarish uchun zarur va yetarli boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar tarkibini tasdiqlashi;
shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishdan koʻzlangan maqsadga erishilgan taqdirda, shuningdek ushbu Qonunda belgilangan boshqa hollarda ularni yoʻq qilish choralarini koʻrishi;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda subyektning oʻz shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uchun roziligi olinganligi dalilini taqdim etishi;
basharti yangi maʼlumotlarning ishonchliligi hujjatlar bilan tasdiqlansa, shaxsga doir maʼlumotlarni oʻzgartirishi va (yoki) toʻldirishi yoxud bunday oʻzgartirish va (yoki) toʻldirishni kiritish imkoni boʻlmagan taqdirda bu maʼlumotlarni yoʻq qilishi;
shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish shartlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlgan taqdirda, ularga ishlov berishni vaqtincha toʻxtatishi yoki ularni yoʻq qilishi;
subyektning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishni vaqtincha toʻxtatish va (yoki) ularni yoʻq qilish uchun subyekt tomonidan hujjatlarni elektron tarzda berish imkoniyatini taʼminlashi;
shaxsga doir maʼlumotlar oʻzgartirilgan, yoʻq qilingan va ulardan foydalanish cheklangan hollarda subyektni, shuningdek shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning boshqa ishtirokchilarini yozma shaklda xabardor qilishi;
shaxsga doir maʼlumotlar uchinchi shaxsga berilgan taqdirda, subyektni yozma shaklda xabardor qilishi;
oʻz mulki boʻlgan va (yoki) ishlov berilayotgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazishi;
shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni koʻrishi shart.
Mulkdor va (yoki) operator shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni quyidagi hollarda uchinchi shaxsga topshirishga haqli:
subyektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi mavjud boʻlgan taqdirda;
agar qaror mulkdor va subyekt oʻrtasidagi shartnomani ijro etish yoki ilgari tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun qabul qilinayotgan boʻlsa;
