Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi saylov yakunlari toʻgʻrisida (743-I-son)
19.02.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kengashining
Qarori
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining oʻtgan yil noyabr—dekabr oylaridagi saylovi yakunlarini koʻrib chiqib, Oliy Majlis Kengashi shuni qayd etadiki, saylov hamma joyda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga toʻla muvofiq tarzda, demokratizm va oshkoralik sharoitda, aholining yuksak faolligida oʻtdi. Fuqarolarning saylov huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida Oliy Majlisga biror-bir ariza yoki shikoyat tushmadi.
Yigʻinlarda 8,4 million kishi yoki respublikadagi katta yoshli aholining 70 foizi ishtirok etdi. 7574 rais va 71034 maslahatchi saylandi.
Barcha darajadagi deputatlar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishlarda oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikni taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, Hukumatning, hokimiyat vakillik organlari va hokimlarning qarorlarini ijro etish borasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga koʻmaklashish bilan bogʻliq keng koʻlamdagi vakolatlarini qanday bajarayotganliklariga katta eʼtibor berildi.
Hududlarni obodonlashtirish kichik korxonalar, fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etish, tomorqa uchastkalaridan samarali foydalanish masalalari koʻrib chiqildi. Kam taʼminlangan oilalarga yordam koʻrsatish, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, barqarorlikni saqlab turish, diniy mutaassiblik kayfiyatidagi koʻrinishlarning oldini olish, oilaviy tantanalar va marosimlarni oʻtkazishda dabdababozlik va manmanlikka yoʻl qoʻymaslikka oid ishlarni kuchaytirish zarurligi alohida taʼkidlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining saylovi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga toʻla muvofiq tarzda, demokratizm va oshkoralik sharoitda, aholining yuksak faolligida oʻtganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini aniq yoʻnaltirilgan ijtimoiy madad bilan taʼminlashda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rolini oshirish toʻgʻrisida”gi 1999-yil 13-yanvardagi Farmoni talablariga qatʼiy amal qila borib, aholining kam taʼminlangan qatlamlariga yordam koʻrsatish ishida ijtimoiy adolat va oshkoralik prinsiplariga rioya etsinlar, fuqarolar uy-joylardan foydalanish xarajatlari va kommunal xizmatlar haqini toʻliq va oʻz vaqtida toʻlashini tashkil etish hamda nazorat qilish borasidagi vakolatlaridan samaraliroq foydalansinlar.
3. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, maʼnaviy va axloqiy normalarga, shuningdek koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqining anʼanalari va rasm-rusumlariga rioya etishni koʻzlab diniy tashkilotlar (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va boshqalar) bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni joylarda kuchaytirish;
yoshlarning maʼnaviy va axloqiy tarbiyasiga, ularda xalq va Vatan oldidagi burch, vatanparvarlik xislatlarini, yuksak maʼnaviy fazilatlarni shakllantirishga alohida eʼtibor berish;
kuch-gʻayratni xotin-qizlarning ijtimoiy hayotidagi mavqeyini yanada oshirishga, ularning teng huquqliligini taʼminlashga, eng yaxshi oilaviy anʼanalarni ommalashtirishga yoʻnaltirish;
fuqarolik jamiyati turmush normalaridan har qanday chetga chiqish, joylardagi jamoat tartibi va totuvlikni buzish hollarining oldini olish hamda bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrish tavsiya etilsin.
4. Oliy Majlis Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Kotibiyatining tegishli boʻlimlari:
fuqarolar tomonidan parlamentning oʻn uchinchi sessiyasida birinchi oʻqishda maʼqullangan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi paytida tushgan takliflarni oʻrganishga koʻproq eʼtibor bersinlar;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yangi tahrirdagi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini oʻrganish boʻyicha seminarlar oʻtkazsinlar;
oʻzini oʻzi boshqarish organlari ishidagi ilgʻor tajribani oʻrganib borsinlar va ommalashtirsinlar, bu masalani Oliy Majlis Kengashi muhokamasiga kiritsinlar, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oliy Majlisga har yili 15-yanvardan kechiktirmay fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tasdiqlangan shakllarga muvofiq taqdim etsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-fevral,
743-I-son
