9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasi oʻz faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi shart.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot yuzasidan Hisob palatasining xulosalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
Hisob palatasi moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Hisob palatasi nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ularning bartaraf etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakunlariga koʻra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar mustasno.
Hisob palatasi har chorakda kamida bir marta oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik oldida ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida hisobot berib boradi.
