4-modda. Hisob palatasining asosiy vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun (bundan buyon matnda Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun deb yuritiladi) loyihasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalarining ekspertizasini hamda oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazish;
qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
budjet tizimi budjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini, shuningdek yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan choralarning amalga oshirilishini oʻrganish hamda nazorat qilish;
budjet tizimi budjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash hamda safarbar qilish;
budjet tizimi budjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni barcha darajalarda qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash;
budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asosliligi hamda samaradorligini baholash;
soliq, bojxona va budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga, tizimli qoidabuzarliklar sabablarini, shuningdek xalqaro tajribani umumlashtirish hamda oʻrganish orqali budjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari hamda xarajatlar boʻyicha majburiyatlari chegaralanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan yetarlicha taʼminlashiga doir takliflar ishlab chiqish;
