20-modda. Hisob palatasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalarining ekspertizasini hamda oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazish sohasidagi funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalarining ekspertizasini hamda oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazish sohasida:
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari loyihasining, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalarining shakllantirilishini ularning koʻrsatkichlari asosliligini aniqlash, ularning daromadlarini prognoz qilish hamda xarajatlarini rejalashtirish, qarz siyosati va budjetlararo munosabatlarning sifatiga baho berish maqsadida oʻrganishni va tahlil qilishni amalga oshiradi;
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha xulosa beradi.
