15-modda. Hisob palatasi mansabdor shaxslarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasining mansabdor shaxslari xizmat majburiyatlarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari, komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida, ijro etuvchi hokimiyat organlari hayʼatlarining va boshqa davlat organlarining majlislarida Hisob palatasi faoliyatiga taalluqli masalalar koʻrib chiqilayotganda hozir boʻlish;
qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, nazorat obyektlarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish, ularning hujjatlari hamda materiallaridan foydalanish, har qanday ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni koʻzdan kechirish;
qalbakilashtirish, soxtalashtirish, talon-toroj qilish hollari aniqlangan taqdirda hamda mazkur gʻayriqonuniy harakatlarga chek qoʻyish uchun zarur hujjatlar va materiallarni qonunchilikda belgilangan cheklovlarni hisobga olgan holda olib qoʻyish, hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish dalolatnomalarini va olib qoʻyilgan hujjatlarning roʻyxatini tuzish hamda zarurat boʻlganda kassani, kassa xonalarini va xizmat xonalarini, omborlarni hamda arxivlarni muhrlash;
davlat organlarining mansabdor shaxslariga soʻrovlar yuborish;
nazorat obyektlarining mansabdor shaxslaridan nazoratni oʻtkazish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar, shuningdek hujjatlarning zarur boʻlgan tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini talab qilish va olish;
nazorat obyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatiga taalluqli barcha zarur hujjatlar, shu jumladan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan hujjatlar bilan tanishish;
nazorat natijalarini qayd etish uchun texnik vositalardan, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish vositalaridan foydalanish;
elektron maʼlumotlar bazalariga oid texnik hujjatlar bilan tanishish;
nazorat natijalari boʻyicha dalolatnomalar, maʼlumotnomalar va xulosalarni rasmiylashtirish, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish.
Nazorat obyektlarining rahbarlari Hisob palatasining mansabdor shaxslariga ishlash uchun zarur sharoitlar yaratishi shart.
