13-modda. Hisob palatasi raisining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida (O‘RQ-546-son) · Sana: 01.07.2019 · Amalda
Hisob palatasining raisi:
Hisob palatasi ishini tashkil etadi va uning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi, shu jumladan Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligi taʼminlanishiga doir axborotni tizimli asosda taqdim etadi;
Hisob palatasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va vakolatlar doirasida nazoratni tashkil etish toʻgʻrisida farmoyish qabul qiladi;
Hisob palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari, komissiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida Hisob palatasi faoliyatiga taalluqli masalalarning koʻrib chiqilishida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi, koʻrib chiqish uchun masalalar kiritishi va koʻrilayotgan masala yuzasidan fikr bildirishi mumkin;
chet davlatlarning tegishli tashqi audit va moliyaviy nazorat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda ularning vakolatxonalari bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzadi;
Hisob palatasining mansabdor shaxslarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etadi;
mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq Hisob palatasiga xodimlarni ishga qabul qilishni amalga oshiradi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qiladi;
buyruqlar chiqaradi va Hisob palatasining tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Hisob palatasining shtat jadvalini tasdiqlaydi.
