3-modda. Kredit uyushmasi
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kredit uyushmasi kreditlar berish hamda boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy teng huquqli aʼzolik asosida tuziladigan kredit tashkilotidir.
Kredit uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank hisobvaraqlarini belgilangan tartibda ochishga haqlidir.
Kredit uyushmasi oʻzining firma nomi davlat tilida toʻliq yozilgan hamda joylashgan manzili koʻrsatilgan yumaloq muhriga ega boʻlishi lozim. Muhrda ayni paytning oʻzida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham koʻrsatilishi mumkin.
Kredit uyushmasining firma nomida “kredit uyushmasi” soʻz birikmasi ifodalanishi va u boshqa kredit uyushmalarining firma nomiga oʻxshash boʻlmasligi kerak. Ushbu Qonun talablariga javob bermaydigan yuridik shaxs oʻz nomida “kredit uyushmasi” soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Kredit uyushmasi oʻz nomi yozilgan shtamplarga, blankalarga va oʻz emblemasiga ega boʻlishga haqlidir.
Kredit uyushmasi ishlab chiqarish, sugʻurta, savdo-vositachilik hamda ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyat bilan bevosita shugʻullanishga haqli emas.
