21-modda. Kredit uyushmasi kengashi
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kengash kredit uyushmasi faoliyatiga rahbarlikni ushbu Qonun va ustavda berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
Kengash ustavda belgilangan tartibda va muddatlarga kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan saylangan kamida besh kishidan iborat toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi.
Kengash raisi kengash aʼzolari orasidan, agar ustavda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻpchilik ovoz bilan saylanadi.
Kengash majlisi har oyda kamida bir marta, ustavda belgilangan tartibda oʻtkaziladi va kengashning koʻpchilik aʼzolari ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori majlisda ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
kredit uyushmasi aʼzolarining reyestrini yuritish;
kredit uyushmasining pul mablagʻlarini jalb etish va kreditlar berish borasidagi faoliyati yoʻnalishlarini aniqlash;
ijro etuvchi organ faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
moliyaviy xizmatlar turlarini, kreditlar va depozitlar boʻyicha foiz stavkalari darajasini belgilash;
ijro etuvchi organni hamda kredit qoʻmitasini tuzish;
kredit uyushmasining boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash;
kredit uyushmasining filiallarini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
kredit uyushmasiga yangi aʼzolarni qabul qilish toʻgʻrisidagi, kredit uyushmasidan chiqish hamda kredit uyushmasi aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish hamda kredit uyushmasiga yangi aʼzolar qabul qilingan, kredit uyushmasi aʼzoligidan chiqqan yoki chiqarilgan taqdirda ustavga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kengashning vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Kengash aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kengash tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda kengash tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u kengash ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
