19-modda. Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi:
ustavga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritadi, ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlar bundan mustasno;
kredit uyushmasi aʼzolariga daromadning (foydaning) bir qismini toʻlash tartibini tasdiqlaydi, shuningdek toʻlov miqdorlari va muddatlarini belgilaydi;
kredit uyushmasi aʼzolari orasidan kengash va taftish komissiyasi aʼzolarini saylaydi, ularning vakolatlarini tugatadi;
yillik moliyaviy hisobotni (buxgalteriya balanslari, daromad (foyda) va zararlar toʻgʻrisidagi hisobotni, pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi hisobotni) tasdiqlaydi;
kengash, ijro etuvchi organ va taftish komissiyasining hisobotlarini tasdiqlaydi;
auditorlik tashkilotini va u bilan tuziladigan shartnoma shartlarini belgilaydi;
kredit uyushmasini qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
