15-modda. Kredit uyushmasining ustav fondi
Kredit uyushmalari toʻgʻrisida (355-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Kredit uyushmasi aʼzolari pay badallarining umumiy summasi ustav fondi hisoblanadi. Ustav fondi faqat pul mablagʻlaridan shakllantiriladi.
Ustav fondining eng kam miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytida ustav fondi toʻliq toʻlangan boʻlishi kerak.
Ustav fondi kredit uyushmasiga yangi aʼzolar kirishi yoki pay badallari miqdorini oshirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.
Ustav fondi kredit uyushmasi aʼzolari uyushmadan chiqqan yoki aʼzolikdan chiqarilgan hollarda yoxud pay badallari miqdorini kamaytirish yoʻli bilan kamaytirilishi mumkin.
Agar aʼzolar kredit uyushmasidan chiqayotganda yoki aʼzolikdan chiqarilayotganda pay badallarining qaytarilishi ustav fondining miqdori belgilangan eng kam miqdoridan kamayishiga sabab boʻlsa, bunday kredit uyushmasi qayta tashkil etiladi yoxud tugatiladi.
Ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi va ustavga tegishli oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qaror kengash tomonidan qabul qilinadi.
Ustav fondi koʻpaytirilgan yoki kamaytirilganda ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maʼlum qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
