37-modda. Fondni tugatish
Jamoat fondlari toʻgʻrisida (527-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Fondni tugatish manfaatdor shaxslarning arizasiga asosan sudning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Fond quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
fond tashkil etilishidan koʻzlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan;
faoliyat muddati tugaganligi munosabati bilan;
agar fondning mol-mulki fond oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishish va vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli boʻlmasa, zarur mol-mulkni olish esa ehtimoldan yiroq boʻlsa;
agar fond oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishish mumkin boʻlmasa, mazkur maqsadlarni esa zarur tarzda oʻzgartirib boʻlmasa;
fond oʻz ustavida belgilangan maqsad va vazifalardan chetga chiqqan boʻlsa;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda;
Fondni tugatish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Fondning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki fondning muassislari (muassisi), shuningdek fondning vasiylik kengashi, boshqaruvi, taftish komissiyasi aʼzolari yoki fond xodimlari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas va undan fond ustavida nazarda tutilgan tartibda, fondni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadlarda va (yoki) xayriya maqsadlarida foydalaniladi.
