201-modda. Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi · Sana: 25.06.2019 · Amalda
Tuman, shahar saylov komissiyasi:
tegishli hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etadi;
tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi hamda saylovni tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar sonini koʻrsatgan holda saylov okruglarining roʻyxatini eʼlon qiladi;
uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
agar uchastka saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi;
deputatlikka nomzod etib roʻyxatga olinganlarning tarjimai holi va dasturlarining asosiy yoʻnalishlarini chop etish hamda uchastkalarga yetkazib berishni taʼminlaydi;
nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;
uchastka saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, oʻz muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning tayyorlanishini taʼminlaydi;
tegishli tuman yoki shahar hududidagi siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;
