Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-4320-son)
14.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqimizning milliy oʻzligini, qadimiy tarixi va tilini, uning hayot tarzi, anʼana va urf-odatlarini oʻzida mujassam etadigan, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tan olingan baxshichilik sanʼati atoqli baxshi-shoirlarimiz, folklorshunos olimlarimizning fidoyi mehnati, ijodiy tafakkuri bilan asrlardan asrlarga oʻtib kelmoqda.
Xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob sanʼatni asrab-avaylash va rivojlantirish boʻyicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulugʻ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis qilinganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda Termiz shahrida baxshichilik maktabi, respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida folklor sinflari faoliyat koʻrsatmoqda. Yurtimizda koʻp tomlik “Qoraqalpoq folklori” toʻplamlari chop etildi, 100 tomlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Yaqinda Termiz shahrida ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali xalqaro miqyosdagi yirik madaniy hodisa sifatida keng eʼtirof etilgani alohida eʼtiborga loyiq.
Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy taʼsiri tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda folklor sanʼatiga eʼtibor va qiziqish susayib borayotgani, koʻp joylarda unutilib, himoya va muhofazaga muhtoj boʻlib turgani kuzatilmoqda.
Xalqimiz madaniyatining hayotbaxsh sarchashmasi boʻlgan baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va sanʼatimizdagi oʻrni va ahamiyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy oʻzlikni anglash, Vatanga sadoqat, tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz shahrida davlat muassasasi shaklida Respublika Baxshichilik sanʼati markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hamda uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va mustahkamlash;
sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari, “ustoz–shogird” anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish;
baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari va boshqa taʼlim muassasalari qoshida baxshichilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish;
baxshi-shoirlar ijodiga keng yoʻl ochib berish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash;
baxshichilik sanʼatining sara namunalarini toʻplash va fondini yaratish, ularning audio va video variantlarini koʻpaytirish, bu sohani yurtimizda va dunyoda keng targʻib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
baxshichilik sanʼati yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, bu borada oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, jumladan, turli xalqaro anjumanlar va tanlovlar, konsertlar va mahorat darslarini tashkil etish.
3. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
moliyaviy va tashkiliy yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish;
mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan baxshi-shoir, oqin va jirovlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni baxshichilik sanʼatiga oid zarur adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalar va davriy nashrlar bilan taʼminlash;
madaniyat va sanʼat muassasalari qoshidagi baxshichilik toʻgaraklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zarur cholgʻular va jihozlar bilan taʼminlash;
baxshichilik sanʼati bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqotlar, nashr ishlari hamda kompleks ilmiy ekspeditsiyalarni moliyalashtirish;
baxshichilik sanʼatiga doir homiylikni rivojlantirish, sohaga xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish;
qonunchilikda belgilangan manbalardan tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash.
4. Quyidagilar:
Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga;
Respublika Baxshichilik sanʼati markazining tarkibiy tuzilmasi 2-ilovaga;
Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashining tarkibi 3-ilovaga;
Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direksiyasi tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarurat boʻlganda, Markaz va Jamgʻarma tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
ikki oy muddatda Markaz va Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari nazarda tutilsin;
Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Termiz shahridagi baxshichilik maktabi negizida baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internatini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda baxshichilik sanʼati rivoji uchun zarur boʻlgan musiqa cholgʻulari (doʻmbira, sibizgʻa, chanqovuz, qoʻshnay, gʻajirnay, boʻlamon, qoʻbiz kabilar) ishlab chiqaradigan ustalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ustaxonalar uchun joy ajratish, maxsus yogʻoch va metall mahsulotlari bilan taʼminlash choralarini belgilasin;
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda baxshi-shoir, jirov va oqinlar tomonidan ijro etiladigan asarlar kuylarini notalashtirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirsin;
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bilan birgalikda oʻzbek xalqining koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan baxshichilik sanʼatini YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida baxshichilik sanʼati davlat ansambllarini, ushbu sanʼat turi rivojlangan boshqa hududlarda esa viloyat ansambllarini tashkil etsin;
tegishli hududlarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari qoshida baxshichilik sanʼati sinflarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi Markaz va Jamgʻarma uchun bino ajratish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda avtotransport vositasi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ustoz baxshilar va dostonchilar, yosh ijrochilar, baxshichilik sanʼati durdonasi hisoblangan mashhur dostonlar haqida koʻrsatuv va eshittirishlar, maqolalar tayyorlash va eʼlon qilib borish hamda mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh. Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-may,
PQ-4320-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4320-son qaroriga 1-ILOVA
Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
T/r Chora-tadbir nomi Ijro muddati Moliyalashtirish manbalari Masʼul ijrochilar 1. Respublika Baxshichilik sanʼati markazi, Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasining ustavini ishlab chiqish va oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish. 2019-yil 1-iyul — Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), tegishli vazirliklar va idoralar 2. Respublika Baxshichilik sanʼati markazi, Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direksiyasining shtatlarini va muassasalar xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2019-yil 1-iyul — Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Moliya vazirligi (B. Ashrafxonov), tegishli vazirliklar va idoralar 3. Respublika Baxshichilik sanʼati markazi, Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyat yoʻnalishlari va funksiyalarini inobatga olib, xodimlarning lavozim yoʻriqnomasini ishlab chiqish. 2019-yil 1-iyul — Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Moliya vazirligi (B. Ashrafxonov), tegishli vazirliklar va idoralar 4. Madaniyat va sanʼatga ixtisoslashtirilgan maktablarda baxshichilik sinflari va kurslarini ochish, Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat institutida baxshichilik va dostonchilik taʼlim yoʻnalishlarini tashkil etish. 2019-yil 1-sentabr — Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov), tegishli vazirliklar va idoralar 5. Respublika Baxshichilik sanʼati markazini baxshi-shoirlar tomonidan yaratilgan va ijro etilayotgan doston, terma, aytimlarni sifatli yozib olish va targʻib etish uchun zarur boʻlgan ovoz yozish hamda zamonaviy videotexnika vositalari bilan taʼminlash. 2019-yil 1-dekabr Mahalliy budjet mablagʻlari va homiylik xayriyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 6. Folklor asarlarini audio va video disklarga yozib olish, koʻpaytirish va sotishni yoʻlga qoʻyish. 2019-yil 1-dekabr Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), tegishli vazirliklar va idoralar 7. Baxshichilik sanʼati yoʻnalishida “ustoz-shogird” anʼanalarining saqlanishi va rivojlanishini taʼminlash maqsadida jamoatchilik asosida “Oʻzbekiston baxshilar uyushmasi”ni va uning hududiy boʻlimlarini tashkil etish. 2019-yil 1-avgust — Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), tegishli vazirliklar va idoralar 8. Baxshichilik sanʼati yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali chet davlatlar bilan oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish. 2019-2020-yillarda Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), tegishli vazirliklar va idoralar 9. Madaniyat markazlarini baxshichilik sanʼatiga doir adabiyotlar bilan taʼminlash. 2019-yil 1-dekabr Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 10. 2019-yili Termiz shahrida oʻtkazilgan I Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali haqidagi kitob-albomni nashrga tayyorlash va chop etish. 2019-yil 1-dekabr Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov), “Hunarmand” uyushmasi (U. Abdullayev), Badiiy akademiya (A.Nuridinov), tegishli vazirliklar va idoralar 11. Madaniyat va sanʼat muassasalari qoshida baxshichilik sanʼati, folklor sanʼati, dostonchilik, xalfa qoʻshiqlari, shuningdek, chanqovuz, sibizgʻa, qoʻshnay, boʻlamon, qoʻbiz, nogʻora singari qadim cholgʻular sinflari va toʻgaraklarini bosqichma-bosqich tashkil etish. 2019-2020-yillar Mahalliy budjet va markazlarning oʻz mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 12. Baxshichilik sanʼati yoʻnalishida baxshilar, oqinlar va jirov ijrochilarining respublika koʻrik-tanlovini tashkil etish va oʻtkazish. 2020-yildan boshlab ikki yilda bir marta Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 13. “Oʻzbekiston baxshilari” kitob-albomining ikkinchi tomini nashrga tayyorlash va chop etish. 2020-yil 1-avgust Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), tegishli vazirliklar va idoralar 14. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotini jahonga targʻib etish maqsadida “Xalq ijodiyoti” veb-saytini tashkil etish. 2020-yil 1-mart Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), tegishli vazirliklar va idoralar 15. Joylarda baxshichilik yoʻnalishlarida ansambllar tashkil etgan holda, mahallalar, madaniyat markazlari, istirohat bogʻlari, taʼlim muassasalari hamda sanʼat saroylarida “Doston” kechalari va taniqli baxshi-shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlarni tashkil etish. Reja-jadval asosida Homiylik xayriya mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 16. Oʻqituvchilikka jalb etilgan baxshilarning muntazam malakasini oshirib borish. Reja asosida Bolalar musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat markazlari mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov), tegishli vazirliklar va idoralar 17. Baxshilar ijrosidagi dostonlarni izchil toʻplash maqsadida kompleks ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish. Reja asosida Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), tegishli vazirliklar va idoralar 18. Baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, “ustoz–shogird” anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish. Doimiy Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), tegishli vazirliklar va idoralar 19. Baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish. Doimiy Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Moliya vazirligi (B. Ashrafxonov), tegishli vazirliklar va idoralar 20. Hozirga qadar 15 tomi bosmadan chiqqan, jami 100 tomdan iborat etib belgilangan “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasini 2030-yilgacha toʻliq nashrdan chiqarish. 2019 — 2030-yillar Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (K. Allamjonov), Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev) 21. Baxshi-shoirlar ijodiga keng yoʻl ochib berish maqsadida ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash. Doimiy Tashabbuskor mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), tegishli vazirliklar va idoralar 22. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali baxshichilik sanʼatini keng targʻib etish. Doimiy Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish hamda Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlari Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), tegishli vazirliklar va idoralar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4320-son qaroriga 2-ILOVA
Respublika Baxshichilik sanʼati markazining tarkibiy
TUZILMASI
Bosh direktor Badiiy kengash Bosh direktorning ijodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Bosh administrator Bosh hisobchi Xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻlimi 2 Kadrlar boʻyicha bosh mutaxassis “Ustoz-shogird” maktabi boʻlimi 6 Baxshichilik sanʼati tarixiy ekspozitsiyasi boʻlimi 2 Yuriskonsult Baxshichilik cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻlimi 2 Xoʻjalik mudiri Baxshichilik sanʼatini ilmiy rivojlantirish boʻlimi 3 AKT va matbuot xizmati xodimi
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 23 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4320-son qaroriga 3-ILOVA
Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashining
TARKIBI
B.S. Sayfullayev — Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Kengash raisi lavozimiga koʻra — Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari, Kengash raisining oʻrinbosari I.U. Majidov — Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri R.A. Usmanov — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari M.M. Hojimatov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari T.A. Bobolov — Surxondaryo viloyati hokimi I.J. Yuldashev — Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori A. Mansurov — Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi prorektori lavozimiga koʻra — Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasining ijrochi direktori, Kengash kotibi
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4320-son qaroriga 4-ILOVA
Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direksiyasi
TUZILMASI
Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashi Jamgʻarmaning ijrochi direktori Ijrochi direktor oʻrinbosari Moliya boʻlimi 4 Dasturlarni amalga oshirish va strategik rivojlanish boshqarmasi boshligʻi Buxgalteriya 2 Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish boʻlimi 5 Kadrlar boʻyicha bosh mutaxassis Marketing va kommunikatsiyalar boʻlimi 5 Yuridik byuro 2 Matbuot kotibi Axborot texnologiyalari boʻyicha bosh mutaxassis
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 24 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
