8-modda. Banklarning Fondga toʻlaydigan majburiy badallari
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida (360-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Bir yoʻla toʻlanadigan va kalendar badallar banklarning Fondga toʻlaydigan majburiy badallaridir.
Bankning Fondga bir yoʻla toʻlaydigan badali bankning amalda shakllangan ustav kapitali miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Kalendar badal banklar tomonidan Fondga yilning har choragida oʻtkaziladigan pul mablagʻlaridan iborat boʻladi. Kalendar badallarning miqdori ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanishi lozim boʻlgan fuqarolar omonatlarining yil choragidagi amaldagi qoldigʻiga qarab Fond kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan, ammo omonatlar umumiy summasining 0,5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Kalendar badallarning toʻlangan summasi fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldigʻi umumiy summasining 5 foiziga yetganda banklar tomonidan kalendar badallarni toʻlash toʻxtatiladi. Fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldigʻining umumiy summasi oʻzgarganda Fondga toʻlangan kalendar badallarning summasi qayta hisoblab chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklar uchun fuqarolarning pul mablagʻlarini omonatlarga jalb etishga taqiq joriy etilishi banklarni Fondga kalendar badallarini toʻlashdan ozod etmaydi.
Kalendar badalning stavkasi oʻzgartirilgan taqdirda Fond banklarni bundan kamida oʻttiz kun oldin xabardor qilishi shart.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha kalendar badal chet el valyutasida hisob-kitob qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, kalendar badal oʻtkazilgan kundan oldingi kungi kurs boʻyicha qayta hisoblab chiqiladi.
Banklar tomonidan Fondga toʻlanadigan majburiy badallar banklarning koʻrsatilayotgan xizmatlar tannarxiga kiritiladigan xarajatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
