11-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash tartibi va muddatlari
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida (360-II-son) · Sana: 05.04.2002 · Amalda
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash maqsadida bankning tugatish komissiyasi litsenziya chaqirib olingan kundan eʼtiboran ikki oy mobaynida kreditorlarni aniqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zaxiralari fondiga depozitga qoʻyilgan debitorlik qarzlari va mablagʻlarini olish choralarini koʻradi. Mazkur mablagʻlar birinchi navbatda tugatilayotgan bankning fuqarolar omonatlari boʻyicha qarzlarini toʻlashga yoʻnaltiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaganidan soʻng, bankning tugatish komissiyasi oʻn kunlik muddat ichida Fondga quyidagilarni taqdim etishi shart:
tasdiqlangan oraliq tugatish balansi;
tugatilayotgan bank mol-mulkining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
kreditorlar tomonidan taqdim etilgan talablar roʻyxati;
fuqarolar omonatlarining miqdorlarini tasdiqlovchi maʼlumot;
fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash uchun Fondga zarur boʻladigan pul mablagʻlarining hisobi.
Fond oraliq tugatish balansini olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlashni Fond ommaviy axborot vositalarida xabar eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida boshlashi shart. Haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining roziligi bilan Fond belgilaydigan bank (agent bank) tomonidan amalga oshiriladi. Omonatchilar agent bankka oʻz omonatlari boʻyicha haq olish uchun murojaat qilganlarida agent bank mazkur haqni omonatchi oʻzining omonati borligini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatgan taqdirda toʻlashi shart.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq tegishli hujjatlar koʻrsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham toʻlanadi.
Omonatchining Fonddan oʻz omonati boʻyicha haqini olishi uning bankka nisbatan omonati boʻyicha olgan haqidan ortiq miqdordagi talablarini qanoatlantirishga doir huquqlarini istisno etmaydi.
