Birinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar tayinlash toʻgʻrisida (2023-XII-son)
23.09.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Qonunining 7 va 19-moddalariga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi 1994-yil 25-dekabrga belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi bitta saylov okrugiga toʻgʻri keladigan saylovchilar normasi oʻrtacha 44,1 ming saylovchi hisobidan belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov oʻtkazuvchi Markaziy saylov komissiyasiga avvalo maʼmuriy-hududiy boʻlinishni nazarda tutgan holda saylov okruglarini muayyan miqdordagi saylovchilardan iborat tarkibda tuzishga ruxsat berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Oliy Majlis deputatlari saylovini hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovini oʻtkazuvchi umumiy saylov uchastkalari hamda uchastka saylov komissiyalari “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Qonunning 8 va 14-moddalariga muvofiq tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi vazifasini bajaruvchi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-sentabr,
2023-XII-son
