Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida (3165-son)
07.06.2019
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon davlat qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 7-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3165]
Oʻzbekiston Respublikasi “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi PQ-2966-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-son “Oʻrmon xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N. BAKIROV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-aprel,
6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining 2019-yil 29-apreldagi 6-son qaroriga ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir
QOIDALAR
Mazkur urugʻ va nav nazoratini oʻtkazish qoidalari (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi “Urugʻchilik haqida”gi Qonunining 12-moddasiga asosan ishlab chiqilib, oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari — oʻrmon va manzarali daraxtlar hamda dorivor oʻsimliklarning ekish uchun foydalaniladigan urugʻlari, mevalari, koʻchatlari, qalamchalari, oʻsimlikning vegetativ yoʻl bilan koʻpaytiriladigan qismlari;
urugʻliklarning genetik (nav) sifati — muayyan nav urugʻligining genetik jihatdan sofligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻliklarning ekinboplik sifati — urugʻliklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻliklar toʻdasi — kelib chiqishi va sifati boʻyicha bir xil boʻlgan urugʻliklar toʻplami;
urugʻchilik — urugʻliklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;
vegetatsiya davri — oʻsimliklarning rivojlanish davri;
elita urugʻliklar — original urugʻliklarni izchil koʻpaytirish yoʻli bilan olingan urugʻliklar;
laboratoriya sharoitida nav sinash — urugʻliklarni nav va nav tozaligiga mansubligini laboratoriya sharoitida sinab aniqlash;
dala sharoitida urugʻliklarni baholash — urugʻliklarni maxsus uchastkalarda ekib, urugʻliklarni qaysi tur va navga mansubligi hamda nav tozaligini aniqlash;
nav nazorati — oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining nav va nav tozaligini, ekish va oʻstirish jarayonlarini nazorat qilish;
duragay urugʻliklar — irsiyati har xil navlar, turlar va turkumdoshlarni chatishtirishdan olingan urugʻliklar;
original urugʻliklar — nav muallifi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik koʻpaytirish uchun moʻljallangan urugʻliklar;
reproduksion urugʻliklar — elita urugʻliklardan olinadigan keyingi avlod urugʻliklari;
urugʻ nazorati — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablari asosida urugʻliklar ekish sifatini aniqlash jarayonlarini nazorat qilish.
2. Oʻrmon xoʻjaliklari ekinlari urugʻliklarining nav nazorati qonunchilik hujjatlariga muvofiq urugʻchilik boʻyicha masʼul shaxslar tomonidan olib boriladi.
3. Urugʻliklarning genetik (nav) sifati — dala va laboratoriya sharoitlarida oʻtkaziladigan nav sinovlari natijalari boʻyicha aniqlanadi.
Urugʻliklarning laboratoriyada oʻtkaziladigan nav sinovi laboratoriya tahlili oʻtkazish orqali ularning muayyan nav (tur)ga mansubligini belgilaydi va genetik (nav) sifatini aniqlaydi.
2-bob. Genetik (nav) va urugʻ nazoratini oʻtkazish tartibi
4. Nav nazoratini oʻtkazish tartibi quyidagi jarayonlarni oʻz ichiga oladi:
ekish uchun moʻljallangan urugʻliklarni yigʻish yoki chet eldan olib kelish;
laboratoriya tahlillarini oʻtkazish;
ekishgacha saqlash;
ekish;
oʻrmon xoʻjaligi ekinlari vegetatsiyasi davrida parvarishlash.
5. Oʻrmon xoʻjaligi oʻsimliklari urugʻliklarining navdorlik darajasi aprobatsiya va laboratoriya nav sinovlari usullari orqali tekshiriladi.
6. Urugʻliklarni jamgʻarish jarayonini nazorat qilish umumiy agrotexnik usullarda olib boriladi, navlarning aralashib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Urugʻliklar tozaligini nazorat qilish texnologik jarayonlarni sifatli tashkil etish orqali amalga oshiriladi. Texnik jihozlarda ularning ekspluatatsiya qilish yoʻriqnomasi boʻlishi zarur.
8. Urugʻliklarni saqlash, ularni qadoqlash va markirovka qilish nazoratga olinadi.
9. Elita va asosiy urugʻliklar, birinchi avlod gibrid urugʻliklari 1,0 foizdan yuqori boʻlmagan oʻzgarishgacha qadoqlanadi.
Qadoqlash — urugʻliklar zararlanishining oldini oladigan darajada boʻlishi kerak. Qadoqlarda etiketka va markirovka qilingan holda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
laboratoriyada nav sinovlarini oʻtkazish uchun urugʻlik ishlab chiqaruvchi subyektning nomi (bundan buyon matnda Subyektlar deb yuritiladi);
turi;
shakli;
navi;
reproduksiyasi;
nav tozaligi toifasi;
ekish tartibi;
hosil yili;
partiyasi raqami;
nav tozaligi;
nav hujjati va hujjatning raqami, berilgan vaqti.
10. Urugʻlik saqlanadigan binolarning talabga javob berishi — ekologik, qurilishi, yongʻin xavfsizligi, sanitar holati, fitosanitar talablarining bajarilishi urugʻ saqlanayotgan bino egasi tomonidan nazorat qilinadi.
11. Urugʻliklardan namunalar olib, amaldagi qonunchilik hujjatlariga binoan akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarda ekspertiza oʻtkazilib, urugʻlik nazorati amalga oshiriladi.
12. Tekshirish uchun urugʻliklardan namunalar olish urugʻlik yetkazib beruvchi ishtirokida Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) xodimi (bundan buyon matnda Masʼul shaxs deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
13. Akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyada ekspertizadan oʻtgan urugʻliklarning ekish va navdorlik sifatlari natijalari boʻyicha eʼtiroz boʻlsa, laboratoriyaning yuqori turuvchi masʼul shaxs tomonidan qaytadan oʻrganib chiqiladi.
Tekshirish natijalarida urugʻ tahlilida farq kuzatilsa, ushbu laboratoriya urugʻliklar sifati haqida oldingi berilgan hujjatning oʻrniga yangi hujjat beradi.
14. Subyektlar urugʻchilik sohasidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablari toʻgʻri boʻlishini taʼminlaydi.
15. Dala sharoitida urugʻliklarni baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
baholash urugʻliklarni maxsus maydonlarda ekish va keyinchalik ularning oʻsimliklar boʻyicha nav sifatlarini oʻrganish orqali oʻtkaziladi;
baholash vegetatsiya davrida oʻtkaziladi;
baholash tartibi oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining qaysi tur, nav, shaklga mansubligini hamda nav tozaligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
3-bob. Laboratoriya nav sinovlarini oʻtkazish tartibi
16. Laboratoriya nav sinovlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq Institut tomonidan amalga oshiriladi.
17. Subyektlar tomonidan beriladigan Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq arizaga quyidagi hujjatlar va materiallarni Institut laboratoriyalariga taqdim etadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlangan urugʻliklarni tahlildan oʻtkazish haqidagi arizaga:
urugʻlikning yorligʻidan namuna yoki urugʻlik toʻgʻrisida maʼlumot;
aprobatsiya dalolatnomasi;
urugʻlikning tayyorlanganligi toʻgʻrisida dalolatnoma;
b) chet eldan keltiriladigan urugʻliklarni tahlildan oʻtkazish haqidagi arizaga:
urugʻlikka oid normativ hujjat nusxasi;
urugʻlikning yorligʻidan namuna yoki urugʻlik toʻgʻrisida maʼlumot;
urugʻlikning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kelganligi toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan tovarga qoʻshib joʻnatiladigan hujjat nusxasi (tovar-transport yuk xati, invoys yoki hisob-faktura, fitosanitariya sertifikati);
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining karantin ruxsatnomasi.
18. Institut tomonidan subyektlardan kelib tushgan arizalar 10 kalendar kuni ichida tekshirib chiqiladi va laboratoriya nav sinovlari natijalari taqdim etiladi.
Mazkur hujjatning 17-bandida koʻrsatilgan barcha hujjat va materiallarni qabul qilgan Institut tegishli tartibda laboratoriya nav sinovlarini oʻtkazadi yoki taqdim etilgan hujjatlar va materiallar toʻliq boʻlmagan taqdirda 2 ish kuni ichida arizachiga rad etish xatini joʻnatadi.
19. Laboratoriya nav sinovlari vaqtida:
maʼlumotlar bankidan foydalangan holda boshqa navlardan farqlanadigan xususiyatlar mavjudligi aniqlanadi;
vizual tahlillar asosida berilgan materiallarning bir xilligi baholanadi;
biokimyoviy tadqiqotlar elektroforez uslubida olib boriladi.
20. Laboratoriya nav sinovlarini oʻtkazish asosida Institut tomonidan subyektlarga Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq laboratoriya nav sinovlari natijalarini taqdim etiladi.
4-bob. Urugʻliklar sifatini ekspertizadan oʻtkazish qoidalari
21. Institut laboratoriya sharoitida urugʻliklar sifatini ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha tegishli xulosalar beradi.
22. Oʻrmon xoʻjaligi urugʻliklari sifatini ekspertizadan oʻtkazishda barcha koʻrsatkichlar boʻyicha amalda boʻlgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablari boʻyicha toʻliq yoki qisman tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
23. Urugʻliklarni ekish sifatini aniqlash akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyada urugʻliklar partiyasidan oʻrtacha namunalar olish orqali tegishli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga muvofiq oʻtkaziladi. Navdor urugʻliklar sifati aprobatsiya dalolatnomasi bilan tasdiqlanadi.
Ekish yoki sotish uchun moʻljallangan urugʻliklardan oʻrtacha namunalar tanlash subyekt yoki sotuvchining vakili ishtirokida Institut xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Urugʻliklardan oʻrtacha namunalarni tanlash hamda guvohnomalar yozish Qoidalarning 3 va 4-ilovalariga muvofiq rasmiylashtiriladi hamda Qoidalarning 5-ilovasiga binoan esa jurnallarda qayd etiladi.
Oʻrtacha namunalar olish dalolatnomasi 2 nusxada tuziladi. Bir nusxasi subyektga beriladi, ikkinchi nusxasi laboratoriyada qoladi.
24. Urugʻliklar sifati haqidagi hujjatlar 6 va 7-ilovalarga binoan qayd etiladi.
25. Urugʻliklar yaroqli deb topilganida Konditsiyali urugʻliklar toʻgʻrisidagi guvohnoma Qoidalarning 8-ilovasiga muvofiq beriladi.
Urugʻliklar partiyasida belgilangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga nisbatan koʻp kasallik va zararkunandalar aniqlansa urugʻliklar konditsiyaligi haqidagi guvohnoma berilmaydi.
26. Urugʻliklar yaroqsiz deb topilganida yoki urugʻliklarning meʼyorlangan koʻrsatkichlari toʻliq tahlil qilinmagan holatlarda Qoidalarning 9-ilovasiga muvofiq urugʻliklar tahlili natijasi quyidagi holatda rasmiylashtiriladi hamda taqdim etiladi:
qisman tahlil uchun olingan urugʻliklar naʼmunalarida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablari meʼyorlariga mos kelmaganda;
barcha tahlillarda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermasa;
namunalar tahlili natijalarida oʻrtacha arifmetik koʻrsatkichlar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermasa.
27. Urugʻliklar konditsiyaligi guvohnomasining amal qilish muddati:
1-sinfdagi urugʻliklar uchun — 8 oy;
2-sinfdagi urugʻliklar uchun — 6 oy.
Urugʻliklar konditsionligi guvohnomasining amal qilish muddati urugʻliklar unuvchanligi tahlili tugagan kundan boshlangan deb hisoblanadi.
Urugʻliklar konditsionligi guvohnomasining amal qilish muddati tugagandan soʻng urugʻliklar faqatgina unuvchanligi boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi.
Takroriy tahlil oʻtkazish Konditsiyali urugʻliklar toʻgʻrisidagi guvohnoma amal qilish muddati tugagunga qadar oʻtkazilishi kerak.
Agar Konditsiyali urugʻliklar toʻgʻrisidagi guvohnoma urugʻliklar yashovchanligi boʻyicha berilgan va jamgʻarilgan yili ekilmasdan boshqa fondga oʻtkazilgan boʻlsa, bu koʻrsatkichlar bekor qilinadi hamda qayta toʻliq unuvchanligi bilan birga tahlil qilinadi.
Agar urugʻliklar qayta tahlil qilinganda unuvchanlik oldingi koʻrsatkichlarini takrorlasa, u holda Konditsiyali urugʻliklar toʻgʻrisidagi guvohnomasining amal qilish muddati uzaytiriladi.
28. Tahlildan ortib qolgan urugʻliklar ekish ishlari tugagandan soʻng (ekish ishlari olib borilayotgan hudud hisoboti boʻyicha) 1 oy davomida saqlanadi.
29. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi, “Oʻzstandart” agentligi va Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Innovatsion rivojlanish vaziri I. ABDURAXMONOV
2019-yil 29-aprel
Fanlar akademiyasi Prezidenti B. YULDASHEV
2019-yil 29-aprel
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori D. SATTAROV
2019-yil 29-aprel
“Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi boshligʻi I. ERGASHEV
2019-yil 29-aprel
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 1-ILOVA
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 2-ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 3-ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 4-ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 5-ILOVA
Oʻrtacha namunalarni qayd etish
jurnali
T/r Nazorat birligi soni Sana Yuridik shaxs nomi, namuna olingan jismoniy shaxsning F.I.Sh Ekin Nav Urugʻliklar olingan joy Hosil yili 1 2 3 4 5 6 7 8 Jadvalning davomi Partiya raqami Partiya miqdori Reproduksiya Namuna olish dalolatnomasi sanasi va raqami Saqlash joyi Urugʻliklarni belgilash 9 10 11 12 13 14 Jadvalning davomi Partiyadagi urugʻliklarning nechanchi marotaba tahlil qilinishi Namuna miqdori Tahlil turi Urugʻliklarni qabul qilgan mutaxassisning F.I.Sh va imzosi Qoplarda Boshqa turda qadoqlangan 15 16 17 18 19
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 6-ILOVA
Urugʻliklar sifatini qayd etish
jurnali
Hujjat raqami Hujjat berilgan sana Amal qilish muddati Ekish Nav Reproduksiya Hosil yili Partiya raqami Partiya miqdori 1 2 3 4 5 6 7 8 9 Jadvalning davomi Urugʻliklar olingan joy Saqlash joyi Urugʻliklarni belgilash Qayta ishlov berish turi Yigʻish dalolatnomasi sanasi va raqami Partiya nechanchi marotaba tahlil qilinishi Oldingi hujjatning berilgan sanasi va raqami 10 11 12 13 14 15 16 Jadvalning davomi Tozaligi va yaroqsizligi Asosiy ekin urugʻliklari Shuningdek Chiqindilar, % Dominant guruhlar Boshqa oʻsimlik urugʻliklari, 1 kg dagi soni, dona Shuningdek Boshqa madaniy oʻsimliklar urugʻlari, 1 kg dagi soni, dona Begona oʻtlar urugʻlari, 1 kg dagi soni, dona Karantin roʻyxatida turgan oʻsimlik urugʻlari, 1 kg dagi soni, dona Boshqa turdagi ozuqa-bop oʻsimliklar urugʻlari, 1 kg dagi soni, dona Oʻta zararli urugʻlar, 1 kg dagi soni dona Zaharli oʻsimliklar urugʻlari, 1 kg dagi soni, dona 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 Jadvalning davomi Shikastlangan (qopda, toʻplamda) % Oʻsish quvvati % Unuvchanligi % Yashovchanligi % Namligi % 1000 gr urugʻ ogʻirligi Zararkunandalar bilan zararlanishi, 1kg dagi soni, dona Kasalliklar bilan zararlanganligi % Urugʻ sinfi (konditsionligi boʻlmagan )
Eslatma: jurnal tikiladi, raqamlanadi, usti qogʻozga yelimlanadi, masʼul xodim imzosi qoʻyiladi va laboratoriya muhri bosiladi.
1 ― 3 k ilovasi Urugʻliklar sifatini ekspertiza qilish qoidalar asosida oʻtkaziladi.
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 7-ILOVA
Urugʻ sifati haqida berilgan hujjatlarni qayd etish
jurnali
T/r Yuridik shaxsning nomi, jismoniy shaxsning F.I.O Ekish Soni, tonna Hujjat nomi Hujjat berilgan sana va raqami Imzo 1 2 3 4 5 6 7
Eslatma: jurnal tikiladi, raqamlanadi,usti qogʻozga yelimlanadi, masʼul xodim imzosi qoʻyiladi va laboratoriya muhri bosiladi.
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 8-ILOVA
(8-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining 2021-yil 14-dekabrdagi 4-sonli qarori (roʻyxat raqami 3165-1, 23.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2021-y., 10/21/3165-1/1189-son)
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining genetik (nav) va urugʻ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, urugʻliklarning sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalariga 9-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2019-y., 10/19/3165-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 23.12.2021-y., 10/21/3165-1/1189-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
