Olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada ragʻbatlantirish toʻgʻrisida (471-son)
07.06.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-son qarori ijrosini taʼminlash hamda olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkasiga maxsus ustama belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib belgilanadigan maxsus ustamalar miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning oylik ish haqiga ish staji uchun maxsus ustamalar berilishini qatʼiy nazoratga olsin;
joylarda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga jalb etish, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va taʼlim sifatini yaxshilash choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-iyun,
471-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qaroriga 1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qaroriga 2-ILOVA
Olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib belgilanadigan maxsus ustamalar
MIQDORLARI
T/r Umumtaʼlim muassasasida ishlagan davri Maxsus ustama miqdori, foizlarda 1. 6 oydan — 3 yilgacha 10 2. 3 yildan — 5 yilgacha 20 3. 5 yildan — 10 yilgacha 30 4. 10 yildan — 15 yilgacha 40 5. 15 yildan ortiq 50
