3-modda. Asosiy tushunchalar
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-539-son) · Sana: 21.05.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
lokal tarmoq — elektr, issiqlik energiyasini yoxud biogazni tashish (uzatish) va (yoki) taqsimlash uchun mustaqil ravishda ishlovchi elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmogʻi;
mikro va kichik gidroelektrostansiyalar — elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv oqimlarining tabiiy harakati energiyasidan foydalanuvchi, oʻrnatilgan quvvati tegishincha 0,2 MVt va 30 MVtgacha boʻlgan toʻgʻonsiz gidroelektrostansiyalar;
“yashil energiya” sertifikati — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari — atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish — ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, uni tashish, toʻplash, realizatsiya va isteʼmol qilish bilan bogʻliq faoliyat;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, oʻzgartirish, toʻplash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish boʻyicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar.
