17-modda. Biogazni ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-539-son) · Sana: 21.05.2019 · Amalda
Biogaz mahsulotlarning, chiqindilarning hamda kelib chiqishi oʻsimlik va hayvonotga mansub qoldiqlarning, sanoat va kommunal-maishiy chiqindilarning biologik jihatdan parchalanadigan moddalardan iborat boʻlgan biomassasidan ishlab chiqariladi.
Biomassadan shaxsiy ehtiyojlar uchun biogaz ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
Lokal gaz tarmogʻini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Biogaz isteʼmolchilarini biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarning lokal gaz tarmogʻiga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.
