15-modda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-539-son) · Sana: 21.05.2019 · Amalda
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar blok-stansiyalar shartlari asosida, shuningdek hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati koʻrsatilgan holda tanlov asosida yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi mumkin. Blok-stansiya isteʼmolchilarning yagona elektr energetikasi tizimiga bevosita yoki isteʼmolchilar elektr tarmogʻi orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyasi hisoblanadi.
Amaldagi elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun zarur boʻlgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ulash bilan bogʻliq xarajatlarni ularning egasi amalga oshiradi, yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish nuqtasigacha boʻlgan xarajatlarni esa, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi amalga oshiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga oʻzboshimchalik bilan ulash taqiqlanadi.
Lokal elektr tarmogʻini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi isteʼmolchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal elektr tarmogʻiga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.
Quvvati 300 kVt va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash faqat ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
