Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining foizsiz krediti doirasida gazni hisobga olish priborlari sotib olish toʻgʻrisida (21-son)
15.01.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 20 yil muddatga, shu jumladan 10 yil imtiyozli davrga 30 mln. yuan miqdorida foizsiz kredit berish toʻgʻrisida 2001-yil 11-apreldagi Bitimni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida XXR Hukumatining foizsiz krediti mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasida sertifikatsiya qilingan J-1,6 tipidagi gazni hisobga olish priborlari yetkazib berishga yoʻnaltirish toʻgʻrisida Ayirboshlash notalari imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
“Oʻzkommunxizmat” agentligining “Boshkommungaz” korxonasi ushbu kredit boʻyicha qarz oluvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kreditga hisob-kitob xizmati koʻrsatish boʻyicha moliyaviy agent hisoblanadi.
3. Quyidagilar:
“Oʻzkommunxizmat” agentligining “Boshkommungaz” korxonasi XXRning vakolatli banki bilan qarz bitimini belgilangan tartibda tuzishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri “Oʻzkommunxizmat” agentligi “Boshkommungaz” korxonasining toʻlov majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan XXRning vakolatli bankiga belgilangan tartibda kafolat berishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki XXRning vakolatli banki bilan banklararo bitimni imzolashga va kreditga hisob-kitob xizmati koʻrsatish boʻyicha “Boshkommungaz” korxonasi bilan agentlik bitimini imzolashga vakil qilinsin.
4. “Oʻzkommunxizmat” agentligining “Boshkommungaz” korxonasi:
J-1,6 tipidagi gazni hisobga olish priborlari yetkazib berishga Xitoy tomonidan tender asosida aniqlangan xitoylik vakolatli yetkazib beruvchi bilan bir oy muddatda import kontrakt tuzilishini va ular keyinchalik aholi ehtiyojlari uchun oʻrnatilishini;
gazni hisobga olish priborlari yetkazib berish loyihasi bir oy muddatda ekspertizadan oʻtkazuvchi vakolatli organlar bilan kelishilishini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi belgilangan tartibda tasdiqlanishini;
gazni hisobga olish priborlariga “Suvjihozgaz” qoʻshma korxonasida kafolatli servis xizmati koʻrsatish tashkil etilishini;
oʻz mablagʻlari hisobiga, ilovaga* muvofiq jadvalga binoan XXR Hukumatining krediti oʻz vaqtida qaytarilishini va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq zarur toʻlovlar va vositachilik toʻlovlari toʻlanishini;
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahrining uy-joy fondi mazkur kredit doirasida yetkazib berilgan gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlanishini va oʻrnatilgan gazni hisobga olish priborlari uchun aholi tomonidan mablagʻlar qaytarilishini taʼminlasin.
Kredit oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash uchun javobgarlik “Oʻzkommunxizmat” agentligi va “Boshkommungaz” korxonasining bosh direktorlari zimmasiga yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining XXR vakolatli bankiga kafolati yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Quyidagilar:
mazkur kredit doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilayotgan gazni hisobga olish priborlari bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno);
“Oʻzkommunxizmat” agentligining “Boshkommungaz” korxonasi mazkur kredit boʻyicha keltirilayotgan gazni hisobga olish priborlari aholiga sotilishi va montaj qilinishiga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
7. “Oʻzkommunxizmat” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda aholi ehtiyojlari uchun gazni hisobga olish priborlarini oʻrnatish hamda kreditga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish boʻyicha xarajatlarni qoplash tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi XXR Hukumatining foizsiz krediti doirasida gazni hisobga olish priborlari yetkazib berish loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yilgi Investitsiya dasturining aniq moʻljalli qismining Hukumat kafolati ostida chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar boʻlimiga kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
* Ilova berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 15-yanvar,
21-son
