Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish choralari toʻgʻrisida (406-son)
15.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Valyuta bozorini liberallashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotning barcha sohalarida bozor islohotlarini amalga oshirish, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar respublikamizning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, aholining keng qatlamlarini tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratib, iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga zamin yaratmoqda.
Iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirishni davom ettirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sharoitida xalqaro moliya institutlari bilan faol hamkorlik qilish, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — XVJ) tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli hamkorlik doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga makroiqtisodiy siyosat masalalari va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha texnik yordam va maslahatlar koʻrsatilmoqda;
2019-yil 6-may kuni boʻlib oʻtgan XVJ Ijroiya Direktorlari kengashining yigʻilishida XVJ Bitimi moddalarining IV-moddasiga muvofiq XVJ xodimlarining hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha XVJ rahbariyati va ijrochi direktorlari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan makroiqtisodiy va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishganligi taʼkidlandi hamda respublika Hukumati tomonidan makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash bildirildi.
2. XVJ Bitim moddalarining IV-moddasiga muvofiq Jamgʻarma xodimlari hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha XVJ tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:
inflyatsiya va kreditlashning oʻsish suratlarini maqsadli parametrlar doirasida ushlab turishni taʼminlaydigan moslashuvchan pul-kredit siyosatini olib borishni davom ettirish;
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining bank-moliya tizimini uzoq muddatli rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,8 foizdan yuqori boʻlmagan darajada ushlab turish va barcha budjet operatsiyalari boʻyicha maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash orqali oqilona soliq-budjet siyosatini olib borishni davom ettirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-noyabrga qadar 2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining soliq va budjet siyosati konsepsiyasi loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri D.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuradovga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-may,
406-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 406-son qaroriga ILOVA
XVJ Bitimi moddalarining IV moddasiga muvofiq Jamgʻarma xodimlarining hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha XVJ tavsiyalarini amalga oshirish
YOʻL XARITASI
