39-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha toʻlovlar
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda toʻlovlarni amalga oshirish shartlari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash, erkin foydalanish uchun toʻlov, foydalanganlik uchun toʻlov, xususiy sherikning davlat sherigiga toʻlovi va (yoki) boshqa toʻlovlar, xususan davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilishi munosabati bilan daromadlarni (foydani) taqsimlash shartlari nazarda tutilishi mumkin.
Erkin foydalanilish uchun toʻlovlarga ajratiladigan budjet mablagʻlari, boshqa toʻlovlar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning butun amal qilishi davomida tegishli budjetning xarajatlar qismida har yili nazarda tutiladi.
Xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat sherigiga toʻlovlarni quyidagicha amalga oshirishi mumkin:
davriy asosda toʻlanadigan, qatʼiy summa tarzida;
bir yoʻla toʻlov tarzida;
xususiy sherikning faoliyatidan keladigan oʻziga tegishli boʻlgan har qanday daromadning muayyan qismi tarzida.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda toʻlovlarning har xil turlari birgalikda nazarda tutilishi mumkin.
