3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat-xususiy sheriklik — davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻz resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etishga qaratilgan, xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etish asosida amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;
davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi — davlat sherigi va (yoki) xususiy tashabbuskor tomonidan tayyorlangan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun tanlovni asoslab beradigan, loyihaning qiymatini, loyihani moliyalashtirish manbaini hamda rentabelligini belgilaydigan, uni amalga oshirishning samaradorligi va dolzarbligi asoslarini oʻz ichiga olgan hujjat;
davlat-xususiy sheriklik obyekti — loyihalashtirilishi, qurilishi, barpo etilishi, yetkazib berilishi, moliyalashtirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiyalashtirilishi, ekspluatatsiya qilinishi va xizmat koʻrsatilishi davlat-xususiy sheriklik loyihasini roʻyobga chiqarish doirasida amalga oshiriladigan mol-mulk, mulkiy komplekslar, ijtimoiy infratuzilma, yer uchastkalari, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida joriy etilishi lozim boʻlgan ishlar (xizmatlar) va innovatsiyalar;
davlat-xususiy sheriklik obyektidan erkin foydalanilishi uchun toʻlov — davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat-xususiy sheriklik obyektidan foydalanish (uni ekspluatatsiya qilish) va (yoki) ushbu obyektga xizmat koʻrsatish davrida undan erkin foydalanilishini taʼminlaganlik uchun xususiy sherikka davlat sherigi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar;
davlat sherigi — Oʻzbekiston Respublikasi va (yoki) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan boshqa yuridik shaxslar yoki ularning birlashmalari;
konsessiya — davlat-xususiy sheriklikning shakllaridan biri boʻlib, bunda davlat xususiy sherikka konsessiya shartnomasida nazarda tutilgan xoʻjalik faoliyatining muayyan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergan holda mol-mulkni va yer uchastkalarini taqdim etadi;
