26-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida (O‘RQ-537-son) · Sana: 10.05.2019 · Amalda
Davlat sherigi tender gʻolibi, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisi yoki maxsus loyihalashtirish kompaniyasi bilan ushbu Qonunning 17, 21 va 25-moddalariga muvofiq davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzadi.
Agar tender gʻolibi tender hujjatlarida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolamasa yoki tender komissiyasi tomonidan tender gʻolibi taqdim etgan axborotning haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlangan taqdirda, tender komissiyasi uni diskvalifikatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va tenderning zaxiradagi gʻolibini gʻolib deb topadi hamda unga tender gʻolibini diskvalifikatsiya qilish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida gʻolib shartlari asosida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzishni taklif etadi.
Zaxiradagi gʻolib tender komissiyasining qaroriga muvofiq tender gʻolibining tender taklifidan soʻng eng yaxshi tender taklifini bergan deb eʼtirof etilgan talabgor hisoblanadi.
Tender komissiyasi tomonidan tenderning zaxiradagi gʻolibiga davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish haqidagi taklif yuborilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida undan ijobiy javob olinmagan taqdirda, tender komissiyasi tenderni boʻlib oʻtmagan deb topadi va takroriy tender eʼlon qiladi.
