Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish sohasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (349-son)
24.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-son Farmonini bajarish, shuningdek, muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtkazish milliy tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tuzilmasida muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi maxsus vakolatli organ hisoblangan “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda Akkreditatsiya markazi deb ataladi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Akkreditatsiya markazining ustuvor vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazishda akkreditatsiya jarayonining betarafligi va xolisligini taʼminlagan holda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik;
Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligiga (APAC), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro tashkilotga (ILAC) va Akkreditatsiya boʻyicha xalqaro forumga (IAF) toʻlaqonli aʼzo sifatida kirish;
akkreditatsiya milliy tizimini xalqaro normalar va mezonlarga muvofiq doimiy ravishda rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablariga rioya qilish;
akkreditatsiya tartib-taomillariga taalluqli zarur axborotni, shu jumladan, oʻzining rasmiy veb-sayt orqali erkin olish imkoniyatini yaratish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida akkreditatsiya boʻyicha ishlar natijalarining xorijiy mamlakatlar tomonidan eʼtirof etilishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrish;
akkreditatsiyadan oʻtkazilgan tashkilotlar va ularning akkreditatsiya sohasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi va dolzarb holatda saqlanishini, shuningdek, tegishli axborotning maxfiyligiga rioya qilgan holda jamoatchiliknining ulardan foydalanishini taʼminlash.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasining Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro tashkilot (ILAC) va Akkreditatsiya boʻyicha xalqaro forumga (IAF) toʻlaqonli aʼzo sifatida kirishi boʻyicha tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqllansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida oldin berilgan guvohnomalar haqiqiy hisoblanadi va Akkreditatsiya markazi muvofiqlikni baholash organlari va metrologiya xizmatlari faoliyatini inspeksiya nazoratidan oʻtkazish natijalariga koʻra, akkreditatsiyadan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani tasdiqlash haqida qaror qabul qilsa, ushbu guvohnomalar bunday qaror qabul qilingan sanadan boshlab oʻzining amal qiladigan muddatiga qayta rasmiylashtirilishi lozim;
Akkreditatsiya markazi xodimlarining lavozim maoshi 2 baravar miqdordagi koeffitsiyentni qoʻllangan holda, Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashga doir tasdiqlangan razryadlarga muvofiq belgilanadi;
akkreditatsiyadan oʻtkazishda, davriy baholashdan oʻtkazishda va ularning natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilishda, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning Akkreditatsiya markazi faoliyatiga har qanday shaklda aralashishi va taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Akkreditatsiya markaziga quyidagi huquqlar berilsin:
akkreditatsiya sohasida idoralararo xususiyatga ega, shu jumladan, xorijda akkreditatsiya ishlari natijalari eʼtirof etilishini taʼminlashga qaratilgan xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
ISO/IEC 17000 xalqaro standartlariga, shuningdek, Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro tashkilot (ILAC) va Akkreditatsiya boʻyicha xalqaro forum (IAF) talablari va tavsiyalariga muvofiq akkreditatsiya tartibotlari boʻyicha qoidalar, yoʻriqnomalar va nizomlar ishlab chiqish va tasdiqlash;
treninglar, seminarlar oʻtkazish va baholovchilar, texnik ekspertlar, shuningdek, muvofiqlikni baholash sohasida ishtirok etuvchi mutaxassislar malakasini baholash;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan va samarali bajarayotgan xodimlarga oʻz mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining ikki baravari miqdorigacha boʻlgan miqdorda har oylik ustamalar toʻlash;
eng yaxshi amaliyotlarga muvofiq vazifalarni sifatli bajarish maqsadida mustaqil maslahatchilar va ekspertlarni, shu jumladan xorijiy maslahatchilar va ekspertlarni shartnoma asosida jalb qilish;
ushbu qaror talablariga muvofiq Akkreditatsiya markazining tuzilmasini, xodimlarining shtatdagi soni va ish haqi miqdorlarini mustaqil tasdiqlash.
7. Akkreditatsiya markazi rahbari zimmasiga quyidagilar uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin:
muvofiqlikni baholash sohasidagi ILAC, IAF talablariga va ISO/IEC standartlariga asoslangan prinsiplarga soʻzsiz rioya qilish;
akkreditatsiya boʻyicha ishlarni bajarishda xolislik, betaraflik va mustaqillikni taʼminlash;
baholashni amalga oshirishda ishtirok etmagan Akkreditatsiya markazining malakali shaxslari bilangina akkreditatsiya boʻyicha qaror qabul qilish;
akkreditatsiya boʻyicha faoliyatning xolisligi, betarafligi va mustaqilligini shubha uygʻotishi mumkin boʻlgan xizmatlarni koʻrsatmaslik.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga va “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori D.N. Sattarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-aprel,
349-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasining Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro tashkilot (ILAC) va Akkreditatsiya boʻyicha xalqaro forumga (IAF) toʻlaqonli aʼzo sifatida kirishi boʻyicha
TADBIRLAR REJASI
Izoh. Ushbu rejada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjatning shakli oʻzgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq hujjat birlashtirilganda, tegishli bandlarni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ularni ishlab chiqish muddati hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 14-oktabrdagi 292-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 10-son, 92-modda), 1-bandining ikkinchi xatboshi, shuningdek qarorga 1-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2017-yil 2-iyundagi 348-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 6-son, 92-modda) ilovaning 6-bandi.
