2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (332-son)
18.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat va eksport salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud resurslardan toʻliq va samarali foydalanish hamda muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish, aholining bandligi va daromadlarini oshirish asosida Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanini kompleks rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi 2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin:
2019-2020-yillarda Yakkabogʻ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari 1-ilovaga muvofiq;
sanoat yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
turizm va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
qishloq xoʻjaligi sohasida yer maydonlaridan oqilona foydalanish va irrigatsiya tizimini yaxshilash boʻyicha manzilli roʻyxati 7-ilovaga muvofiq.
2. Qashqadaryo viloyati hokimligi tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda:
Dastur parametrlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin va bunda investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, moʻljallangan ishlab chiqarish hajmlariga erishilishini, mablagʻlarni samarali va toʻliq oʻzlashtirilishini hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutsin;
muammoli masalalarni koʻrib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va zarur amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borsin.
3. Qashqadaryo viloyati hokimligiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda loyihalarning qiymati va ish oʻrinlari sonini saqlab qolish sharti bilan Dasturda belgilangan loyihalarning manzilli roʻyxatiga zaruratga koʻra oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Qashqadaryo viloyati hokimligi, tegishli tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda Yakkabogʻ tumanida 10 ta loyiha boʻyicha pishiq gʻisht ishlab chiqarish korxonalarini 2019-yilda ishga tushirilishini taʼminlasin.
5. Madaniyat vazirligi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Yakkabogʻ tumani Xoʻjailgʻor qishlogʻidagi “Amir Temur tugʻilgan yurt” ramziy majmuasining konsepsiyasi va namunaviy loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Tijorat banklariga Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va ularga butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan chet el valyutasidagi kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Dasturga kiritilgan obyektlar loyiha-smeta hujjatlarining sifatli davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini va qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun tegishli ruxsatnomalar Davlat xizmatlari markazlari orqali qonunchilikda belgilangan muddatlarda berilishini taʼminlasin.
8. “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekenergo” AJ Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Dastur doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi ishlab chiqarish korxonalarini tabiiy gaz va elektr uzatish tarmoqlariga oʻz vaqtida ulanishini hamda ularga mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, tabiiy gaz va elektr energiyasi oʻrnatilgan tartibda yetkazib berilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturini shakllantirishda ushbu qarorda nazarda tutilgan markazlashgan manbalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, shu jumladan, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni inobatga olinishini taʼminlasinlar.
10. Qashqadaryo viloyati hokimligi har chorak yakunida Dasturdagi tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligini viloyat va tuman faollari yigʻilishlarida muhokama qilsin hamda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borishni taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-aprel,
332-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 1-ILOVA
2019-2020-yillarda Yakkabogʻ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 2-ILOVA
Sanoat yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 3-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 4-ILOVA
Turizm va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332 -son qaroriga 5-ILOVA
Taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 6-ILOVA
Yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 332-son qaroriga 7-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi sohasida yer maydonlaridan oqilona foydalanish va irrigatsiya tizimini yaxshilash boʻyicha
MANZILLI ROʻYXATI
