“91-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish va litsenziyani bekor qilish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (175-II-son) · Sana: 15.12.2000 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, uning oʻzgartirilishi bundan mustasno;
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
ruxsat etilgan faoliyat turini amalga oshirish qoidalariga rioya etish yuzasidan majburiyatlar litsenziat tomonidan bir yil ichida takroran bajarilmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyada belgilangan faoliyat turiga rioya etilmaganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyani bekor qilish litsenziyani bergan organ tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
litsenziatning arizasiga binoan;
agar litsenziat unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan boʻlsa;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziya sudning qaroriga binoan ham bekor qilinishi mumkin.
Bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Litsenziyaning amal qilishi tugatilishi yoki litsenziya bekor qilinishi toʻgʻrisidagi qaror mazkur qarorni qabul qilgan litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslangan dalillar bilan yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak”.
