Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarining holatini yaxshilash va atroflarini obodonlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (322-son)
17.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularni tozalash va taʼmirlash hamda atroflarini obodonlashtirish ishlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida yuridik shaxs tashkil etmasdan Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish boʻyicha ixtisoslashgan boʻlim (keyingi oʻrinlarda Ixtisoslashgan boʻlim deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Ixtisoslashgan boʻlimning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi gidrotexnika inshootlarining ishonchli ishlashini taʼminlash;
kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va taʼmirlash ishlarini kompleks ravishda yaxshilash;
kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari atroflarini obodonlashtirish ishlarini ekologiya va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshirish;
kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlarini belgilangan tartibda tashkil etish;
ajratilgan mablagʻlar, moddiy-texnika resurslari, asosiy vositalar va texnikalardan samarali foydalanish.
3. Belgilansinki:
Ixtisoslashgan boʻlimning shtatlar jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Samarqand viloyatidagi suv xoʻjaligi tashkilotlaridan 44 shtat birligini va Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi ishlab chiqarish xodimlarining 4 shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;
Ixtisoslashgan boʻlim xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining “Obodonlashtirish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 1-apreldagi 91-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga oʻtkazilsin;
Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan beriladigan asosiy vositalar va 2020-2021-yillarda xarid qilinadigan texnikalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Samarqand shahar hokimligi bir oy muddatda Ixtisoslashgan boʻlimning nizomini belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq asosiy vositalarning Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga oʻtkazilishini;
Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi bilan birgalikda suv resurslarini havzaviy boshqarish tamoyilidan kelib chiqqan holda suvdan foydalanish va suv isteʼmolining belgilangan tartibiga rioya etilishini hamda berilayotgan kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻyicha suvning hisobi va hisobotlari yuritilishini;
Samarqand viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Ixtisoslashgan boʻlim tashkil etilishi munosabati bilan boʻshab qolayotgan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralari koʻrilishini;
Samarqand viloyat hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib 2019-yil uchun belgilangan tegishli shtat jadvallari va xarajatlar smetalariga oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
7. Samarqand viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yildan boshlab Samarqand viloyati mahalliy budjeti parametrlarini shakllantirishda kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarini saqlash, ulardan foydalanish va taʼmirlash, texnika va mexanizmlar xarid qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
8. Ixtisoslashgan boʻlim Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Abdullo Nabiyev koʻchasi, 13-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-aprel,
322-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 322-son qaroriga 1-ILOVA
Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga oʻtkaziladigan Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarining
ROʻYXATI
T/r Kanal va kollektor-drenaj tarmogʻi nomi Uzunligi, km shu jumladan: Inshoot soni, ta Qurilgan yili Suv sarfi, kub m/sek beton qoplamali tuproq oʻzanli Dargʻom irrigatsiya tizimi boshqarmasidagi kanallar inshootlari bilan birga 1. Bogʻishamol 9,5 7,5 2,0 7 1979 1,0 2. Shaar 11,3 6,8 4,5 6 1986 0,5 3. Jar ariq 15,9 7,2 8,7 9 1990 1,0 Jami kanallar 36,7 21,5 15,2 22 2,5 Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasidagi kollektor-drenaj tarmoqlari 1. Chashma 7,5 7,5 3,0 2. Siyobcha 6,7 6,7 1947 2,6 3. Obi Mashhad 5,4 5,4 1948 3,0 4. Siyob markaziy 17,0 17,0 1900 13,0 Jami kollektor-drenaj tarmogʻi 36,6 36,6 21,6
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 322-son qaroriga 2-ILOVA
Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan beriladigan asosiy vositalar va 2020-2021-yillarda xarid qilinadigan texnikalar
ROʻYXATI
t/r Asosiy vositalar nomi Jami asosiy vositalar va texnika soni Shu jumladan: Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan beriladigan asosiy vositalar soni 2020-2021-yillarda Samarqand shahar mahalliy budjeti hisobidan xarid qilinadigan texnika soni 1. Ekskavator 2 1 1 2. Avtokran (Isuzi) 1 1 3. Payvandlash agregati 1 1 4. Avtosamosval (yuk koʻtarish qobiliyati 6 tn) 1 1 5. Yengil avtotransport vositasi 1 1 6. Maxsus avtotransport vositasi 1 1 7. Avtosamosval (yuk koʻtarish qobiliyati 7 tn, Isuzi) 1 1 8. Avtosamosval (yuk koʻtarish qobiliyati 10 tn, Isuzi) 1 1 9. Kichik ekskavator (Isuzi) 1 1 Jami 10 5 5
Izoh. Asosiy vositalar Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan bepul beriladi.
