Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3153-son)
15.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 15-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3153]
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 7-avgustdagi 230-son “Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3063, 2018-yil 29-avgust) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2018-y., 10/18/3063/1811-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor N. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-mart,
01/10-12/49-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2019-yil 5-martdagi 01/10-12/49-son buyrugʻiga ILOVA
Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-son “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq malaka imtihonini oʻtkazish, baholovchining malaka sertifikatini berish, muddatini uzaytirish, amal qilishini toʻxtatib qoʻyish va bekor qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholovchining malaka sertifikati (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) — jismoniy shaxsga, agarda u baholovchi tashkilotning shtatida tursa yoki baholovchi tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, mulkni baholashni amalga oshirish huquqini beradigan sertifikat;
malaka imtihoni — talabgorning baholash faoliyati sohasidagi kasbiy bilimlarini tekshirish shakli;
baholovchi — malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
talabgor — malaka sertifikatini olishga talabgor boʻlgan jismoniy shaxs;
maxsus oʻquvdan oʻtganlik haqida sertifikat — baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari takliflarini hisobga olgan holda, vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan dastur boʻyicha baholovchilarni tayyorlash markazlarida maxsus oʻquvdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat;
baholash faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organ (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
2-bob. Talabgorlarga qoʻyiladigan talablar
2. Malaka imtihonidan oʻtish uchun talabgor:
a) oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik maʼlumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida soʻnggi besh yilda kamida bir yil ish stajiga ega boʻlishi;
yoxud oliy maʼlumotga, soʻnggi besh yilda mol-mulkni baholashda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida ikki yil ish stajiga ega boʻlishi kerak.
Bunda xorijiy davlatlarda olingan oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼlumotga ekvivalent deb topilgan taqdirda eʼtiborga olinadi;
b) maxsus oʻquvdan oʻtganlik haqida sertifikatga ega boʻlishi, bunda oʻqish tugagan paytdan boshlab imtihon topshirish uchun hujjatlar topshirilgungacha oʻtgan vaqt oʻn ikki oydan oshmasligi kerak.
3. “Baholash ishi: baholash faoliyati va rieltorlik (obyektlar boʻyicha) (5A231501)” yoki “Koʻchmas mulkni ekspertiza qilish va boshqarish: Baholash va koʻchmas mulkni boshqarish (5A340901)” mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan yoki baholovchining xalqaro sertifikatiga ega boʻlgan talabgor maxsus oʻquvdan oʻtmasdan malaka imtihonini topshirishga haqli.
3-bob. Malaka imtihonini topshirish tartibi
4. Talabgor vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza;
b) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnoma;
v) pasport nusxasi (yashash uchun guvohnoma — xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yoʻq shaxslar uchun);
g) oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoxud xorijiy taʼlim muassasasida olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) toʻgʻrisidagi guvohnomasining nusxasi;
d) mehnat daftarchasining nusxasi (baholovchi yoki baholovchining yordamchisi sifatida ish stajining borligini tasdiqlaydigan “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma);
e) 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;
j) maxsus oʻquvdan oʻtganlik haqida sertifikatning nusxasi;
z) baholovchining xalqaro sertifikati nusxasi — xalqaro baholovchi sertifikatiga ega talabgorlar uchun;
i) malaka imtihonidan oʻtish va malaka sertifikati berilishi uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan vakolatli organga shaxsan, pochta yoki elektron aloqasi orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi.
6. Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida talabgorning malaka imtihoniga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida qaror qabul qiladi.
7. Quyidagilar talabgorning malaka imtihoniga qoʻyilmasligiga asos boʻladi:
a) talabgor mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan talablarga javob bermaganda;
b) mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq boʻlmagan holda taqdim etganda;
v) sud tartibida moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki ushbu sohada muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilganda.
Boshqa asoslarga koʻra malaka imtihoniga qoʻyishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Talabgorni malaka imtihoniga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, vakolatli organ rad etish asoslarini koʻrsatgan holda talabgorni yozma ravishda qabul qilingan qaror haqida xabardor qiladi.
9. Malaka imtihoniga qoʻyilishi rad etilgan talabgor rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.
10. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgor malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi haqida imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin pochta yoki elektron aloqasi orqali xabardor qilinadi.
Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
11. Talabgorni malaka imtihoniga qoʻyish yuzasidan qaror qabul qilinganda imtihonga qoʻyilganlar roʻyxati imtihon komissiyasiga topshiriladi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
12. Imtihon komissiyasi tarkibi va test savollari vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi. Imtihon komissiyasi tarkibiga vakolatli organ xodimlari, shuningdek baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari vakillari kiritiladi.
13. Malaka imtihonini topshirishda talabgor pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning aslini taqdim etadi.
14. Pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega boʻlmagan yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar kelmagan hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqda shaxsan, pochta yoki elektron aloqasi orqali uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.
15. Agarda talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikki marotaba malaka imtihonini topshirish uchun kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Bunda malaka imtihonidan oʻtish uchun toʻlangan yigʻim summasi qaytarib berilmaydi.
Hujjatlarni qayta topshirish mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
16. Malaka imtihoni kompyuterda topshiriladigan test sinovlari orqali talabgorning tanloviga koʻra oʻzbek yoki rus tilida oʻtkaziladi.
17. Test savollar variantlari va ularning javoblari baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari, shuningdek baholovchilarni tayyorlash markazlari takliflarini hisobga olgan holda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan baholovchilarning oʻquv dasturi asosida ishlab chiqiladi.
Test savollari qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda yangilab boriladi.
18. Test sinovi 40 daqiqa ichida oʻtkaziladi va oʻquv dasturining barcha boʻlimlarini aks ettiruvchi 75 ta savoldan iborat boʻladi.
Savollarining 70 foizidan kam boʻlmagan savollarga toʻgʻri javob bergan talabgor malaka imtihonidan oʻtgan hisoblanadi.
19. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:
a) qonun hujjatlari va yoʻriqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
b) mobil aloqa vositasi va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
v) boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan hisoblanadi.
Begona shaxslarga malaka imtihonida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
20. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgorga besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlari shaxsan yoki buyurtma xati orqali qaytarib yuboriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
21. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etishga haqli, bunda malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt oʻtgan boʻlishi kerak.
22. Malaka imtihonining natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan soʻng uch kunlik muddatda imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va vakolatli organ buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
23. Talabgorlarning test javoblari hamda imtihon komissiyasining bayonnomalari vakolatli organda saqlanadi.
24. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi, videotasvir vakolatli organda uch yil mobaynida saqlanadi.
4-bob. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish
25. Malaka sertifikati talabgorning fotosurati yopishtirilgan maxsus blankada mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida yuridik kuchga ega boʻladi.
26. Malaka sertifikatining blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi hamda hisobga olish seriyasi, tartib raqami va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Malaka sertifikatining blankalari vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi.
27. Malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan imtihon komissiyasining bayonnomasi olinganidan keyin oʻn kun muddatda rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoki ishonchnoma asosida uning vakiliga baholovchilar reyestriga imzosi qoʻyilganidan soʻng beriladi.
28. Malaka sertifikatini birinchi marta olgan talabgorga “sertifikatlangan baholovchi” toifasi beriladi.
29. Agar talabgor malaka sertifikatini rasmiylashtirish kunidan boshlab uch oy ichida uni olishga kelmasa yoki uni olishdan yozma ravishda ixtiyoriy bosh tortsa vakolatli organ mazkur sertifikatni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli. Bunda talabgorlarga toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
30. Malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatlarga uzaytirilishi mumkin.
31. Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir baholovchi malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish dasturlari boʻyicha kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslaridan oʻtishi shart.
Malaka sertifikatini olgan baholovchi malaka oshirish kurslaridan oʻtmagan taqdirda, u maxsus oʻquv kurslaridan oʻtishi kerak. Bunday baholovchilarning malaka sertifikati amal qilish muddati faqat maxsus oʻquv kurslaridan oʻtganidan keyin uzaytiriladi.
5-bob. Apellatsiyani koʻrib chiqish tartibi
32. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kuni ichida vakolatli organga apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
33. Vakolatli organ bir haftalik muddatda kiritilgan apellatsiyani koʻrib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
34 Apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan vakolatli organ tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
a) imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
b) apellatsiya bergan shaxs uchun takroran malaka imtihonini oʻtkazish toʻgʻrisida.
35. Malaka imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) apellatsiya mazkur Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
b) apellatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
36. Malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror apellatsiya bergan talabgorning malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
37. Vakolatli organ tomonidan apellatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
38. Talabgor takroran apellatsiya berishi mumkin emas.
39. Vakolatli organning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq sudga shikoyat qilinishi mumkin.
6-bob. Malaka sertifikatini amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish
40. Baholovchi vakolatli organga malaka sertifikati muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirish toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
a) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda toʻldirilgan soʻrovnoma;
b) malaka sertifikatining asl nusxasi;
v) malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili malaka oshirish kursidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi.
Har yili malaka oshirish kursidan oʻtganligi haqidagi hujjatlar boʻlmagan taqdirda baholovchi maxsus oʻquvdan oʻtganlik haqidagi sertifikatning nusxasini ilova qilishi lozim;
g) malaka imtihonidan oʻtish va malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
41. Malaka sertifikatining muddati baholovchi malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda uzaytiriladi.
42. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonidan oʻta olmagan taqdirda, malaka sertifikatini qaytadan berish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
43. Malaka sertifikatining amal qilish muddatining uzaytirilishi belgilangan tartibda mazkur sertifikatning blankasida maxsus belgini (yozuv) qayd etish orqali amalga oshiriladi.
Malaka sertifikati blankasida uning muddatini uzaytirishga taalluqli toʻldirilmagan qatorlar mavjud boʻlmagan taqdirda, baholovchiga avvalgi roʻyxatga olish raqami qoʻyilgan yangi malaka sertifikati beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikati blankasi vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
44. Baholovchining familiyasi (ismi, sharifi) yoki pasport maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, u vakolatli organga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart, bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan malaka sertifikatining asl nusxasi bilan birga tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari ilova qilinadi.
45. Malaka sertifikatining qayta rasmiylashtirilishi baholovchi tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab oʻn kun mobaynida amalga oshiriladi, bunda malaka sertifikatining avvalgi raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati yangi blankada beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikati blanki vakolatli organga topshirilishi lozim. Topshirilgan blank vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
46. Yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikatining oʻrniga baholovchining arizasiga koʻra sertifikat dublikati beriladi.
Baholovchi malaka sertifikatining yoʻqolganligi va uni haqiqiy emas deb tan olinganligi haqida matbuotda eʼlon berishi va eʼlon nusxasini vakolatli organga taqdim etishi kerak.
47. Malaka sertifikati dublikatida uning avvalgi qayd etilgan raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati yoziladi, yangi blankaning yuqoridagi oʻng burchagiga “Dublikat” yozuvi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati vakolatli organga qaytariladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
48. Malaka sertifikatining dublikatini berishda yoki uni qayta rasmiylashtirishda baholovchidan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
7-bob. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish va uni bekor qilish tartibi
49. Quyidagilar malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish uchun asos hisoblanadi:
a) baholovchining arizasi;
b) baholash faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablarini muntazam yoki bir marta qoʻpol ravishda buzish. Malaka sertifikatini amal qilinishini toʻxtatishga asos boʻlishi mumkin boʻlgan qonun hujjatlari talablarini bir marta qoʻpol ravishda buzishga quyidagilar kiradi:
baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholash faoliyatini amalga oshirishda mustaqillikni taʼminlamaslik;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni va (yoki) ekspert xulosasini notoʻgʻri tuzish;
baholash ishlarini oʻtkazishda olingan maxfiy axborotni mulkdor yoki baholash buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
baholovchining nazorat yoki huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarda va boshqa tadbirlarda oʻzi shtatida turadigan yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan baholovchi tashkilotning tegishli ruxsatnomasisiz (buyrugʻisiz) mutaxassis sifatida qatnashishi;
v) moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi;
g) fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi sud qarori.
50. Malaka sertifikati uning amal qilish muddatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab toʻxtatiladi. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror vakolatli organ tomonidan baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari fikrini inobatga olgan holda qabul qilinadi.
Baholovchi tashkilot litsenziyasining amal qilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar uchun toʻxtatilgan taqdirda, litsenziya amal qilishini toʻxtatish haqida qaror qabul qilingan sanadan baholovchi tashkilot litsenziyasining amal qilinishi toʻxtatilishiga olib kelgan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan baholovchi va rahbarning malaka sertifikatlari amal qilishi toʻxtaydi.
51. Malaka sertifikati quyidagi hollarda vakolatli organning qaroriga binoan bekor qilinadi:
vakolatli organning malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi sud tomonidan eʼtirof etilganda;
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda.
52. Vakolatli organning malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori malaka sertifikati berilgan sanadan boshlab amal qiladi.
53. Qonun hujjatlarini buzganlik uchun malaka sertifikatlari bekor qilingan yoki amal qilishi toʻxtatilgan baholovchilar, malaka sertifikatlari bekor qilingan yoxud amal qilishi toʻxtatilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida malaka sertifikatini takroran olish uchun imtihonga qoʻyilmaydi.
54. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
55. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror besh kunlik muddatda baholovchi va ushbu baholovchi mulkni baholashda nomidan ish yuritayotgan baholash tashkilotiga yuboriladi.
56. Baholovchi uning malaka sertifikatini toʻxtatish yoki amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida mazkur sertifikatni vakolatli organga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun qaytarishi shart.
57. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8-bob. Baholovchilarning reyestri
58. Vakolatli organ tomonidan baholovchilarning potensial mijozlarini xabardor qilish maqsadida baholovchilarning reyestri yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, sharifi va imzosi;
pasport maʼlumotlari va turar joyi;
ish joyi;
malaka sertifikatining hisobga olish seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirilganligi, amal qilishi toʻxtatilganligi, bekor qilinganligi, qayta rasmiylashtirilganligi hamda dublikat berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
59. Baholovchilarning reyestri qogʻoz va elektron shaklda yuritiladi.
Reyestr shakli vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
60. Baholovchilar reyestriga kiritilgan maʼlumotlar tanishish uchun ommabop boʻlib, vakolatli organning rasmiy veb-saytida chop etiladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
61. Mazkur Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi
62. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
63. Mazkur Nizom “Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati” Jamoat birlashmasi va Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston baholovchilar jamiyatining raisi N. MIRZARAXIMOVA
2019-yil 5-mart
Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasining raisi A. ISLAMOV
2019-yil 5-mart
Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
* Kerakli soʻzlarni tagiga chizing.
Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2019-y., 10/19/3153/2939-son)
