Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligida veksellarni qoʻllash toʻgʻrisida (204-son)
02.06.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalq xoʻjaligida hisob-kitoblarni jadallashtirish, toʻlov intizomini mustahkamlash, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toʻlov muddati kechiktirilgan qarz majburiyati va Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida yetkazib berilgan tovarlar (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun hisob-kitob vositasi sifatida veksel xoʻjalik oborotiga joriy etilsin.
Veksellarni chiqarish huquqi tijorat banklariga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda uch oydan koʻp boʻlmagan muddatga, istisno hollarda 6 oygacha muddatga beriladi. Koʻrsatib oʻtilgan tijorat banklari ular uchun belgilangan muddatlarda Markaziy bankka tegishli hisobot topshirsinlar.
Bank veksellari chiqarish huquqini berish tartibiga rioya etilishi uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yuklansin
Veksellarni trast boshqaruviga berish, shuningdek kreditlarni veksellar bilan berish taqiqlanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli tijorat banklari veksellarini belgilangan tartibda shartnomalar asosida sotib olishlari mumkin;
veksel pulini toʻlash (veksel majburiyati boʻyicha toʻlov), qoidaga koʻra, emitent tomonidan veksel egasining arizasiga binoan (vekselni koʻrsatgan holda) amalga oshiriladi. Alohida hollarda, tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, toʻlov buning uchun emitentdan vakolat olgan bank tomonidan emitentning mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin;
vakolatli tijorat banklariga korxonalarning veksellar emissiyasi boʻyicha takliflarini koʻrib chiqish, xizmat koʻrsatiladigan emitent-korxonalarning toʻlov qobiliyatini aniqlash va tasdiqlash, veksellarning likvidlik darajasini baholash hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish yuklatiladi.
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, moliyaviy barqaror korxonalar va tashkilotlar uch oydan koʻp boʻlmagan muddatga, istisno hollarda esa 6 oygacha boʻlgan muddatga veksellar chiqarish huquqiga ega boʻladilar;
korxonalar va tashkilotlar tomonidan veksellar chiqarilishiga ularga yetkazib beriladigan aniq tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun hisob-kitob qilishga ularda pul mablagʻlari vaqtincha yetishmasligini qoplash uchungina xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan veksel topshirigʻi (aval) majburiy tartibda rasmiylashtirilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan oʻtkazma va oddiy veksel toʻgʻrisidagi Nizom hamda korxona va tashkilotlar veksellarini chiqarish va muomalada boʻlishining vaqtinchalik tartibi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi mazkur hujjatlarni tasdiqlasinlar hamda bir hafta muddatda ularni vazirliklarga, idoralarga, korporatsiyalarga, uyushmalarga, tijorat banklariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yetkazsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:
banklarning veksellarini chiqarish, ularning muomalada boʻlishi va ularning pulini qaytarish shartlarini roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirish;
veksellar toʻlash boʻyicha muddati oʻtib ketgan qarzlar koʻrsatilgan holda veksellar emissiyasi hajmi yuzasidan banklar va emitent-korxonalarning har oylik hisobot berishini belgilash;
emitentlarning buyurtmanomalari boʻyicha bir hafta muddatda veksel blanklarining markazlashtirilgan tartibda tayyorlanishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatli tijorat banklari bilan birgalikda:
veksel toʻlovlari tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni tashkil qilsin, birinchi bosqichda veksellar chiqarishga ruxsatnomani banklarga, shuningdek veksellarning yuqori darajada likvidligini taʼminlashga qodir boʻlgan korxonalarga bersin;
oʻn kun muddatda markaziy apparatlarda va joylarda veksellar bilan ishlashni tashkil etish boʻyicha tegishli boʻlinmalar tashkil etsin;
veksellarni oʻzaro hisobga olish va ularning pulini qaytarish toʻgʻrisida banklar oʻrtasida shartnomalar tuzish chora-tadbirlarini koʻrsin;
vekselning muomalada boʻlishini rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritsin, veksel bozorining va veksellar emitentlarining ahvoli toʻgʻrisidagi sharhlarni, prognozlarni eʼlon qilib borsin, veksellar boʻyicha muvaffaqiyatli ish olib borayotgan korxonalar tajribasini oʻtkazishga koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda veksellar ishlatilishi munosabati bilan amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etsin;
notarial idoralar tarmogʻini ancha kengaytirsin, garovni rasmiylashtirishda, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq garovni rasmiylashtirishning qisqa muddatlarini belgilab xizmatlar hajmini kengaytirish yuzasidan shart-sharoitlar yaratsin;
notarial idoralarga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy boshqarmalariga veksellar masalasida bildirilgan eʼtirozlar toʻgʻrisida axborot taqdim etishni yuklasin.
Bajarilgan ishlar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda:
veksellar, shu jumladan, muddati oʻtib ketgan veksellar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni buxgalteriya hisobi va hisobotida aks ettirish tartibini belgilasin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda notarial idoralarning qoʻshimcha qarorini tashkil etishni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari va davlat notariuslarining soni toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-iyun,
204-son
